Sayxunobodlik yosh tadbirkor Gulchehra Fayzullayevaning tikuvchilik korxonasida mahorat darsi o‘tkazildi

15.04.2019, 17:28

Sayxunobodlik yosh tadbirkor Gulchehra Fayzullayevaning tikuvchilik korxonasida mahorat darsi o‘tkazildi

Gulchehra Fayzullayeva Sirdaryo viloyatidagi eng yosh, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlardan. Uning “Guli modalar dunyosi” tikuvchilik korxonasiga asos solganiga hali bir yil bo‘lgani yo‘q. Ammo, Sayxunobod tumanidagi bolalar bog‘chasining eski, to‘kilib qolgan binosini nol qiymatda olgan yosh tadbirkor o‘tgan muddat mobaynida 1 milliardga yaqin investitsiya kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Hokimiyat balansida turgan mazkur binoni o‘tgan yili yoz oylarida ijaraga olgach, rekonstruksiya ishlari jadallik bilan tugallandi.

Tadbirkorlikni boshlash uchun “Milliy bank”ning Sirdaryo viloyat filialidan 450 million so‘m miqdorida kredit olgan Gulchehra 100 ta tikuv mashinasini sotib olib sexlarni kerakli jihozlar, mutaxassislar  va zarur xom ashyo bilan ta’minladi.

  Dastlab 50 nafar tikuvchi bilan ish boshlagan yosh tadbirkor bolalar kiyim-kechaklarini tikib ichki bozorga chiqardi. Oz fursat ichida o‘ndan ziyod turdagi mahsulotlarini chetga ham eksport qila  boshladi.

Hozirda mazkur tikuvchilik korxonasida 150 nafardan ziyod xotin-qizlar ish bilan band. Korxonaning Surayyo Qodirova, Jamila O‘razova,  Nasiba Musurmonova, Dilrabo Qayumova singari qo‘li gul chevarlari boshqalarga namuna bo‘lishmoqda. Ayni paytda tikuvchi qiz-juvonlar tomonidan “Bek klaster”  mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona, “Oqoltindon”aksiyadorlik jamiyati ishchi-xizmatchilari hamda tuman fermer xo‘jaliklari uchun buyurtma asosida maxsus kiyim-boshlar tikish ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu mahsulotlar Rossiya va Turkiya davlatlariga ham eskport qilinishi rejalashtirilgan.

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Bugunning tadbirkor ayoli” mavzusida mazkur tikuvchilik korxonasida mahorat darsi tashkil etildi. Guliston qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji hamda Sayxunobod tumanidagi “Paxtakor” maishiy kasb-hunar kolleji bitiruvchilari yosh tadbirkor Gulchehra Fayzullayevaning tadbirkorlik faoliyati, qo‘lga kiritgan yutuqlari, tadbirkorlikning sir-asrorlarini o‘rganishdi. Tajribali tikuvchilar matolarni tanlash, qaysi mavsumda qanday matolardan kiyim-boshlar tikish, qaychilardan foydalanish, tikuv dastgohlarini boshqarish bo‘yicha mahorat darslarini o‘tishdi.

 Ushbu korxonada qo‘shni hududlardan ham yoshlarni jalb qilib mahorat darslarini tashkil qilish, o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishda yaqindan ko‘maklashish borasida kelishib olindi.

Qo‘shimcha tarzda yana shuni ta’kidlash joizki, “Guli modalar dunyosi”ning o‘zida qandolatchilik sexi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. To‘y-marosimlarga, bayramlarga, turli tadbirlarga tortlar, 20 xildan ziyod qandolatchilik mahsulotlari tayyorlab tuhfa qilinyapti. Shu yerning o‘zida ham o‘ndan ziyod qishloq xotin-qizlarining bandligi ta’minlangan.

Shuningdek, yosh bolali ayollarning samarali mehnat faoliyatini olib borishlarida ayrim muammolar paydo bo‘layotganligi tufayli 10 nafar bola uchun uy bog‘chasi tashkil qilindi. Tinib-tinchimas tadbirkor tumandagi “Ittifoq” MFY hududida 100 o‘rinli xususiy bolalar bog‘chasini ochish tashabbusi bilan chiqdi. Uning tashabbusi qo‘llab–quvvatlanib,  “Asakabank”ning viloyat filialidan 3 milliard 180 million so‘m miqdoridagi mablag‘ moliyalashtirib berildi. Ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega bog‘chasining may oyida ochilishi mo‘ljallanmoqda.

Endigina 28 yoshning ostonasidan hatlagan tadbirkor Gulchehra Fayzullayevaning jonkuyarligi, ishbilarmonligi shak-shubhasiz tahsinga loyiq.

Saboxat BOBOYEVA,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    2607
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+