O‘zLiDeP ishchi guruhi Farg‘onada ham tomorqadan samarali foydalanish borasida targ‘ibot ishlarini olib boryapti

15.04.2019, 17:44

O‘zLiDeP ishchi guruhi Farg‘onada ham tomorqadan samarali foydalanish borasida targ‘ibot ishlarini olib boryapti

Avval xabar berganimizdek, barcha hududlarda bo‘lgani kabi O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat kengashi tashabbusi bilan ham tuman va shaharlar kesimida partiya faollaridan tarkib topgan ishchi guruh vakillari tuzilib aholi tomorqalarini o‘rganishyapti, bo‘sh turgan yer maydonlaridan samarali foydalanish borasida targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Partiya xodimlari, deputatlar, BPT raislari va namunali tomorqachilardan iborat 76 ta ishchi guruh vakillari aholi xonadonlarida mevali daraxtlar ekish, issiqxonalar tashkil qilish, shuningdek aholining kunlik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha maslahat va ko‘mak berilyapti.

Bugungi kunga qadar ishchi guruhlar a’zolari tuman va shaharlardagi 11 mingga yaqin xonadonga kirib, aholi o‘rtasida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot va o‘rganish ishlarini olib borishdi. Natijada ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan aholi xonadonlaridagi foydalanilmay turgan 5,9 gektar yer maydoniga xomiylar jalb etilgan holda ishlov berilib, 4 mingga yaqin ko‘chatlar tarqatildi.

- Bugun tomorqadan samarali foydalanib, yerga mehrimizni bermasak ertaga daromad olishimiz qiyin bo‘ladi, - deydi Quvasoy shahar Bog‘bon mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tajribali tomorqachi X.Akbarova. -  “Mehnatning tagi rohat” deb bejizga aytilmagan. Tomorqamizdan unumli foydalanib, 6 sotix yerdan yiliga 35 million so‘mga yaqin daromad olyapmiz. Partiya vakillari bilan birgalikda aholi o‘rtasida mahorat darslarini tashkil etib kelyapmiz. Maqsadimiz o‘z tajribalarimizni boshqa fuqarolarga ham ommalashtirish, ozroq bo‘lsada yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish.

Bundan tashqari shaxsiy tomorqasidan unumli foydalanmagan, yetarli tajribaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun tajribali tomorqachilarni jalb qilgan holda 20 dan ortiq mahorat darslari tashkil qilindi, ularga 900 nafarga yaqin tomorqachilar ishtirok etdi. Mahorat darslari davomida aholi vakillari tomorqada ekinlarni yetishtirish, parvarishlash va ishlov berish bo‘yicha tajriba almashishdi.

- Partiya tomonidan tashkil qilingan mahorat darsida ishtirok etib, ko‘plab yangiliklarni oldim. Ayniqsa, “O‘zLiDeP kutubxonasi” rukni ostidagi mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha qo‘llanmalar biz uchun foydali bo‘ldi. Ko‘plab yangi bilimlarni oldik. Tomorqamizda gul ko‘chatlarini yetishtirishni o‘z oldimga maqsad qildim, - deydi Mirishkor ko‘chasida yashovchi X.Alimova.

O‘rganishlar natijasida o‘z tomorqasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan fuqarolar kredit olishda qiyinchilikka duch kelayotganligi ham ko‘zga tashlandi. Partiya faollari 15 nafar fuqaroga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatishdi.

- Partiya xodimlarining amaliy yordami bilan 2 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qildim. Issiqxonamizga limon ko‘chatini ekib, uning yon atroflariga turli ko‘katlar, sabzavot mahsulotlari yetishtirishni maqsad qildim. Tajribali tomorqachilarning menga o‘rgatgan mahorat darslari samarali hosil olishga, tomorqadan tushgan mablag‘ evaziga uni yanada kengaytirishga katta turtki bo‘ladi deb o‘ylayman, - deydi Sho‘roqer mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi E.Yangiboyev.

Shuningek, ishchi guruh a’zolari tomonidan “O‘zLiDeP kutubxonasi” rukni ostida chop qilingan o‘n besh turdagi mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha 15 mingdan ortiq, tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha imtiyozlar to‘g‘risida 5 mingga yaqin targ‘ibot materiallari tarqatildi.

O‘zLiDeP vakillari tomonidan tashkil etib kelinayotgan bu kabi amaliy seminarlar viloyatning eng chekka qishloqlarida ham davom etmoqda.

Abror OTABOYEV,

O‘zLiDeP Farg‘ona

viloyati Kengashi

mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    1080
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Алимова Ҳолидахон Позиловна O‘zLiDeP Фарғона вилояти Қувасой шаҳар Кенгаши2019-04-17 18:45:42

АХОЛИ БИЛАН УЧРАШУВЛАРНИНГ ШУНЧАКИ КЕЧМАСЛИГИ ШАРТ. АХИР БИЗ КИРИБ БОРАЁТГАН ХОНАДОН ВАКИЛЛАРИ НИМАДИР ЯХШИЛИККА САЗОВОР БЎЛИШИ КЕРАК. ЗАРУР МАСЛАХАТЛАР, МУХИМ ЁРДАМЛАР ВА ЭРИШИЛГАН НАТИЖАЛАРГИНА БИЗНИНГ САЪЙИ ХАРАКАТЛАРИМИЗГА ЮАХО БЕРА ОЛАДИ. ЮРТДОШЛАРИМИЗНИНГ ХОНАДОНЛАРИДА ЎТАЁТГАН СЕМИНАРЛАР ЭСА МАҲАЛЛАЛАРДА ЯНГИДАН ЯНГИ ҒОЯ ВА ТАШАББУС БИЛАН ЧИҚАДИГАН ТОМОРҚАЧИЛАРНИ КЎПАЙИШИГА ХИЗМАТ ҚИЛАДИ.


Fikringizni qoldiring

+