“Ekvatorial chodak group” korxonasi yiliga 1,5 mln dona jinsi shim ishlab chiqaryapti

15.04.2019, 18:02

“Ekvatorial chodak group” korxonasi yiliga 1,5 mln dona jinsi shim ishlab chiqaryapti

Bugungi kunda Buxoro viloyati Vobkent tumanida 136 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tumanda o‘tgan yili bir qator kichik biznes sub’ektlari ish boshladi. “Ekvatorial chodak group” korxonasi – shulardan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, korxonani tashkil etishda Milliy bankning 3 million dollar krediti hamda loyiha tashabbuskorlarining 2 million dollar mablag‘i sarflangan.  Korxonaga Yaponiya, Italiya, Turkiya va Xitoydan turli operatsiyalarni bajara oladigan va ishni konveyer asosida tashkil etish imkonini beradigan 500 dan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi hamda dastgohlar keltirilib o‘rnatilgan.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan “Ekvatorial chodak group”da tashkil etilgan davra suhbatida bu haqda alohida ta’kidlandi.

Ishlab chiqarish bo‘limi menejeri Xasan Mexdining aytishicha, yiliga 1 million 500 ming donagacha jinsi shim ishlab chiqarayotgan korxona ayni paytda 500 nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Ishchilarning samarali mehnat qilishi uchun ham barcha shart-sharoitlar mavjud. Oshxona faoliyati va olisdan qatnab ishlovchilar uchun transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 

“Ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi ko‘p omillarga, jumladan, barcha texnologik jarayon korxonaning o‘zida bajarilishiga ham bog‘liq. Korxonada kiyim-kechakni bo‘yash va qayta ishlov berish sexi tashkil etilgan. Qolaversa, sexda viloyatdagi turdosh korxonalarga shartnoma asosida ularning mahsulotlarini bo‘yash hamda xizmat ko‘rsatish hisobiga qo‘shimcha foyda olinadi. Yaqinda ish boshlagan poyabzal sexi Italiyaning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan”, – deydi korxona xodimlaridan biri Umid Nurov.

Tadbirda so‘z olgan O‘zLiDeP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Yulduz Karimova va boshqalar partiya tomonidan aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar xususida to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbir so‘ngida partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan ishchi-xodimlar O‘zLiDeP safiga qabul qilindi.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1911
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+