Tomorqa: qarasang bog‘, qaramasang dog‘

16.04.2019, 18:03

Tomorqa: qarasang bog‘, qaramasang dog‘

Prezidentimiz viloyatlarga tashrif buyurganida tomorqalardan unumli foydalanish orqali aholining turmush farovonligini oshirish, eksportbop ekinlar ekishga alohida e’tibor qaratish zarurligini bot-bot ta’kidlayapti. Darhaqiqat, dehqonchilik hadisini olgan, tomorqa ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan oilalar bugungi kunda farovon turmush kechirishyapti.

Qashqadaryoda ham tomorqasidan unumli foydalanayotgan oilalar soni ortib bormoqda. Tomorqasini gullatib qo‘ygan xonadon sohiblari yaxshigina  daromad topib, oilasi farovonligini ta’minlash barobarida bozorlarimizning to‘kin-sochin bo‘lishiga  hissa qo‘shmoqda. Xususan, bank kreditlari evaziga tashkil etilgan issiqxonalarning ishga tushirilishi natijasida bozorlarda sitrus mevalar va sabzavot mahsulotlarining narxi yil sayin arzonlashib bormoqda.

Shavkat Zaripov Kitob tumanidagi Xalqlar do‘stligi mahallasida yashaydi. 12 sotix tomorqasi bor. 7,5 sotix maydonga ekilgan limon, 4,5 sotixda yetishtirilayotgan pomidor va bodringdan yiliga 50 million so‘m sof foyda olyapti. Shu mahallada yashovchi Inobat Yoqubova ham ikki yildirki, yer bilan tillashib, ro‘zg‘origa baraka kirityapti. Bir yilda 2 sotix joyni egallagan issiqxonasida yetishtirilgan limondan 7,5 million so‘m sof foyda oldi va issiqxonasini yana 2 sotixga kengaytirdi. 4 sotix maydonda esa sarimsoq piyoz va kartoshka, 2 sotixida  turli ko‘katlar parvarishlayapti. Xullas, 10 sotixli tomorqada bir qarich ham bo‘sh joyni uchratmaysiz.

Shahrisabz shahridagi Govishmon ko‘chasida yashovchi Fozil Berdiyev esa 3 sotixli issiqxonadagi 30 tup limondan mo‘l hosil olib, oilasi ma’murligini ta’minlayapti.

Shu o‘rinda qayd etish zarurki, “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyi­hasi tobora keng miqyos kasb etyapti. Partiya viloyat Kengashi tarkibida 1 030 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti bo‘lib, ular 5 150 ta oilaga biriktirilgan. Hozirgi kunga qadar quyi bo‘g‘in yetakchilari partiya faollari va deputatlar bilan birgalikda 1,5 mingdan ortiq xonadonga kirib, odamlarning turmush sharoiti, tomorqadan foydalanish holatini sinchiklab o‘rgandilar.     

– Ilgari qishlog‘imizda yerga munosabat o‘zgacha edi, – deydi Koson tumanining Darcha qish­log‘ida yashovchi Hamdam Xushatov. – Hamqish­loqlarimiz oqar suv umuman yo‘qligi bois faqat chorva mollari boqish bilan mashg‘ul edilar. Tomorqalarga lalmikor g‘alla, beda, mosh va no‘xat ekilib, yiliga bir marta hosil olinardi. O‘zLiDeP Koson tuman Kengashi xodimlari qishlog‘imizga kelib, tomorqadan unumli foydalanish uchun shart-sharoit yaratish, banklardan moliyaviy ko‘mak olish, yangi texnologiyalar keltirishda amaliy yordam berishlarini aytishdi. Men partiya faollari ko‘magida bankdan kredit olib, 2 sotix maydonda issiqxona barpo etdim. Chorva mollarimdan bir nechtasini sotib, o‘z hisobimdan artezian qudug‘i qazdirdim. Kelasi yili limonlarim hosilga kiradi. Ammo men uning pishishini kutib turganim yo‘q. Orasiga pomidor va bodring ekib, yaxshigina daromad qildim va ushbu mablag‘ hisobiga issiqxonamni yana 2 sotixga kengaytirdim. Ishbilarmon oilalar tomorqadan olayotgan daromadi evaziga uy-joy qurib, to‘y qilib, zamonaviy avtomobillar minayotganini ko‘rgan hamqishloqlarimiz yerning bitmas-tuganmas xazina ekanligini tushunib yetdilar. O‘n nafar qishloqdoshimiz tomchilatib sug‘orishga mo‘ljallangan gidroponik issiqxona qurish uchun bankdan kredit olish harakatida yuribdi.

 O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi va boshlang‘ich tashkilotlar  tomonidan davra suhbatlari va seminarlar tashkil etilib, vohada tomorqa xo‘jaligini yuritishning o‘ziga xos tomonlari, suvli va lalmi maydonlarda yetishtirishga mo‘ljallangan ekin turlari, tabiiy issiqxonalar, suvsizlikka chidamli mevali daraxtlar, lalmikor uzumchilikni ko‘paytirish borasida odamlarga yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berilyapti. Tomorqasiga ishlov berishga imkoni yo‘q oilalarga BPT yetakchilari va faollari yordamga kelishyapti. Chunonchi, Qarshi shahrining Xudoyzot ko‘chasi 36-uyda yashovchi Muhayyo Sharipova xonadonidagi 2 sotix yerga ishlov berilib, ekin ekildi. Safdoshlarimiz Chiroqchi tumanining Naymansaroy qishlog‘ida yashovchi Oybibi Jumag‘ulova xonadonida bo‘lganlarida, tomorqa yeri ag‘darilmasdan turganligiga guvoh bo‘lishdi. Tezgina yerga ishlov berilib, piyoz, sabzi va gul urug‘lari sepildi. Ravot qishlog‘ida yashovchi Shoira Berdiqulovaning oilasi 6 kishidan iborat. Ammo ular tomorqaga mutlaqo qarashmas ekan. Partiya faollari bu xonadonga urug‘ va boshqa ashyolarni keltirishdi, plyonka ostiga tarvuz va bodring ekilishiga yordam qilishdi. Kasbi tumani Qoratepa qishlog‘ida yashovchi Oltiboy Polvonov partiyamiz ko‘magi bilan 6 sotixli tomorqasida sabzavot va ko‘katlar yetishtirishni boshladi, oila a’zolarini ish bilan ta’minladi. Shahrisabz shahridagi Yashil diyor mahallasida yashovchi Dilshod Bobomurodovning 4 sotix tomorqasi bo‘m-bo‘sh yotgan ekan. “Oqsaroy tekstil” xususiy korxonasidagi quyi tuzilma a’zolari yerlarni ag‘darib, pomidor va bodring ekish uchun tayyorlab ketishdi. Koson tumanidagi Gulbog‘ qishlog‘ida yashovchi Shavkat Ro‘zmonov bir payt­lar issiqxona tashkil etgan, ammo keyinchalik qarovsiz holatga kelib qolgan. BPT faollari deputatlar homiyligida issiqxonani ta’mirlab berishdi. Bodring, pomidor va gul ko‘chatlari ekildi. Loyqasoyda yashovchi Rahmon Normurodovning yerlariga ekin ekilib, 5 sotix maydondagi bodomlar tagi yumshatildi.  Kitob tumanining Birlik mahallasida istiqomat qiluvchi Gulzoda Iskandarovaga tuman Kengashidagi BPT va deputat G‘ulom Uzoqov ko‘makka keldi. Ayni paytda oila sohibasining qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Issiqxonasida o‘ndan ortiq ko‘katlar yetishtirib, bozorga chiqarmoqda. Dilobar Shernazarova esa 8 million so‘m evaziga issiqxona qurib, gul ko‘chatlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Endilikda yana 5 sotix maydonda issiqxona tashkil etib, limon ko‘chatlari ekishni mo‘ljallab turibdi. Yangi Mirishkor mahallasidagi yashovchi Dilshod Qorayev ham 2 sotix issiqxonadagi limondan yaxshi hosil olmoqda. Bu yil issiqxonani yana 2 sotixga kengaytirib, turli sabzavotlar yetishtiryapti.

– Quyi bo‘g‘in faollari va deputatlar bilan vohamizning qishloq va mahallalarida bo‘lganimizda oilada ishchi kuchi yetarli bo‘lsa-da, tomorqasini yovvoyi o‘tlar bosib yotgan ko‘plab xonadonlar borligiga guvoh bo‘ldik, – deydi O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi BPTlar bilan ishlash guruhi rahbari Alibek Rahmatov.  – Rizq-baraka tomorqada ekanligini  ayrimlar anglab yetayotgani yo‘q. Biz ba’zi tomorqalarga ekin ekib beryapmiz. Xonadon sohiblari esa tomoshabin bo‘lib turishibdi. Yerning umrini behuda o‘tkazayotgan bunday loqayd kimsalardan tomorqa yerlari qaytarib olinib,  serg‘ayrat, omilkor kishilarga berilishi kerak. Tomorqa egalaridan mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan “erimga ekin ekaman”  mazmunida tilxatlar olinishi bu yo‘nalishda bajarilishi zarur ishlar hali ko‘pligini anglatadi. Loqayd kimsalarni ezgu tashabbuslar sari yo‘llay olishimiz zarur. Loyiha doirasida mingdan ortiq xonadon ko‘zdan kechirilib, 500 ta oilaning tomorqasiga ekin ekib berildi, 260 tasiga esa mevali daraxt ko‘chatlari va urug‘lar tuhfa qilindi. 6 ta oilaga issiqxona qurish, 2 tasiga chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, 7 tasiga parrandachilik uchun banklardan kredit olishga ko‘maklashildi. Biz bu ishlarimizni davom ettirib, viloyatdagi har bir xonadonga kirib, tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish borasida aniq va maqsadli takliflar berishni rejalashtirganmiz.

Safdoshimizning so‘zlariga shuni qo‘shimcha qilish kerakki, muloqotlarda tomorqa yerlarini sug‘orish uchun suv yetishmayotgan tumanlardagi xonadon sohiblariga lalmikor ekinlar ekish maslahat berilmoqda.  Masalan, har qanday ob-havo sharoitida ham lalmikor yerlardan bir marta mosh, no‘xat, zig‘ir, g‘alla hosili olish mumkin. Tumanlarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda tabiiy issiqxonalar qurish bo‘yicha tavsiyalar berilyapti. Bunday issiqxonani tashkil etish uchun yer ikki metr chuqurlikda kovlanib, usti qamish va ikki qavat plyonka bilan yopiladi. Qish oylarida ham bu issiqxonalarda harorat yetarlicha bo‘ladi. Tabiiy gaz va elektr quvvati talab etilmaydi. Hozirda yuzlab xonadonlarda ana shunday  issiqxonalar bor. Ularda nafaqat sitrus mevalar, balki sabzavot ekinlari, ko‘katlar va gullar yetishtirilyapti.

Xulosa sifatida shuni aytishni istardikki, garchi tilga olingan partiyaviy loyiha real natijalar berayotgan, odamlarga muayyan naf keltirayotgan bo‘lsa-da, xotirjamlikka berilish uchun asos yo‘q. Amaliyot loyihani yanada takomillashtirish, samaradorligini oshirish lozimligini ko‘rsatyapti. Prezidentimiz o‘z chiqishlarida bu yo‘nalishda bajarilishi zarur ishlar hali juda ko‘pligini, umuman olib qaralganda, tomorqalardan foydalanish bugungi kun talablariga javob bermasligini ta’kidlamoqda. Demak, loyiha doirasidagi ishlar bundan keyin ham partiya diqqat markazida bo‘ladi.     

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

Teglar
Tomorqa
  • Ko'rildi
    1663
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+