O‘zLiDeP tashabbusi bilan sayxunobodlik yoshlar uchun kitob sayli o‘tkazildi

17.04.2019, 18:08

O‘zLiDeP tashabbusi bilan sayxunobodlik yoshlar uchun kitob sayli o‘tkazildi

Prezidentimiz joriy yilning fevral oyida Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida belgilab berilgan 5 ta ustuvor yo‘nalishlardan biri – kitobxonlik, ayniqsa, yoshlarni kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratgan edi.

Davlatimiz rahbarining ushbu belgilab bergan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida Sayxunobod tumanida “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman”, “Bir farzandimga uch kitob” aksiyasi doirasida “Kitoblar sayli” tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, “Sirdaryo haqiqati” gazetasi tahririyati, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, tuman hokimligi hamda bir qator viloyat, tuman tashkilotlari, muassasalari hamkorligida o‘tkazildi.

Saylga tashrif buyurgan kasb-hunar kollejlari, maktab o‘quvchilari uchun arzon narxlarda kitoblar savdosi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, O‘zLiDeP tuman Kengashi tomonidan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash barobarida, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga kitoblar, esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Tadbir doirasida biz mahallalar kesimida “Kimning uyida 500 ta kitob bor?” tanlovini o‘tkazgan edik. Jarayonda 3000 tagacha kitobi bor oilalar borligi aniqlandi, – deydi O‘zLiDeP Sayxunobod tuman Kengashi apparat rahbari Abdujabbor Ernazarov. – Ana shulardan biri, 3-umumta’lim maktabi direktori Nazira G‘aniyeva bo‘lib, unga partiyaning “Tashakkurnoma”si topshirildi.

Shuningdek, uy kutubxonasini ochgan Ziyoda Ochilova, o‘z xonadonlarida 2  mingtadan kitob fondiga ega Nasiba Aripova, Muhabbat Bozorboyevalarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilgan, ko‘p yillar xalq ta’limi tizimida samarali faoliyat olib borgan, “Xalq ta’limi a’lochisi” Botir Javlonov, Munira Usmonova, Lilya Abdullayeva, Qunduzoy Yusupaliyeva, Ozoda Navro‘zovalarga kitoblar sovg‘a qilindi. Kitob saylida ellik nafardan ziyod kitobxonlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar va kitoblar berildi.

– Kitob sayli tumanda haqiqiy bayramga aylandi, – dedi O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Husan Jabborov. – Sayl ishtirokchilarining aksariyati farzandlari, nevaralari va yaqinlari uchun kitoblar xarid qilishdi. Bu kabi tadbirlarni viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazish belgilandi.

Tadbir so‘ngida tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi barchaga birdek quvonch baxsh  etdi.

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1129
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+