Nazarbekda shunday deputat bor

18.04.2019, 17:19

Nazarbekda shunday deputat bor

“Aloqa” – Zangiota tumanining Nazarbek hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biri. 422 ta xonadonda 2 844 kishi istiqomat qiladi. Zulxumor Hojiakbarova 2014 yildan buyon shu MFYning raisi bo‘lib ishlaydi. Partiyaviy yo‘nalishdagi maqolamizga “xomashyo” izlashni shu yerdan boshlaganimiz bejiz emas, albatta. Zotan, mahalliy kengashga saylangan deputatlarning nima bilan bandligi, ularning sa’y-harakatlarini odamlar qanday baholayotgani, partiya faollari intilishi xususida jamoatchilik fikri jamlanadigan ana shu idoradan barcha ma’lumotu axborotlarni olish mumkin.

Mahalla Toshkent shahri va viloyatining chegarasi tutashgan joyda bo‘lgani bois aholining aksariyati poytaxtda mehnat qiladi. Mahalla hududidagi mebel sexi, maishiy xizmat uyi va tikuvchilik sexida ham 50 ga yaqin kishining bandligi ta’minlangan. O‘smirlar o‘rtasida erkin kurash bilan shug‘ullanadiganlar ko‘p. Boisi, aynan shu yerdagi mazkur sport turiga ixtisoslashgan muassasada tajribali murabbiylar faoliyat ko‘rsatadi.

– Yaqinda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demok­ratik partiyasi Zangiota tuman Kengashi tomonidan “Doimo e’tiborimizdasiz” nomli ma’rifiy xayriya aksiyasi o‘tkazildi, – deydi mahalla raisi. – Xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Shomahmud Ikromov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir doirasida yozilgan dasturxonga 400 dan oshiq ijtimoiy himoyaga muhtoj  oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar taklif etildi. 80 yoshdan oshgan 15 nafar otaxon va onaxonlarga sovg‘alar ulashildi. Tuman hokimligi vakillari, turli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etgan muloqot san’atkorlarning jozibali kuy va qo‘shiqlariga ulandi.

Zulxumor opaning mulohazalarini tinglar ekanmiz, 5-“Nazarbek” saylov okrugidan tuman Kengashiga saylangan partiyadoshimiz, “JINZAI” xususiy bandlik agentligi bosh direktori o‘rinbosari Shomahmud Ikromov bilan bevosita uchrashish istagi tug‘ildi.

– U kishi “O‘ng qo‘ling berganni chap qo‘ling bilmasin” tamoyiliga rioya qiladigan tadbirkorlarimizdan. Arzimagan ishni ommaviy axborot vositalariga olib chiqishni nokamtarlik hisoblaydi, – deydi Z. Hojiakbarova.
– Lekin biz bugun tushlik payti u bilan uchrashib, 8-maktab o‘quvchilariga kitoblar sovg‘a qilish, mahalladagi kam ta’minlangan oilalardan xabar olishga kelishib qo‘ygandik. Ana shu fursatdan foydalanishingiz mumkin.

Birpasdan keyin mahalla idorasi oldiga zamonaviy avtomobil kelib to‘xtadi. Mashinadan tushgan o‘rta yoshli yigitning tadbirkor ekanini bilib olish qiyin emasdi. Yurish-turishi kiborlarga xos ko‘rinsa-da, o‘zbekona odob ila so‘rashdi. Hamrohlik qilish haqidagi taklifimizni eshitgach, “Gazetaga yozish shart emas” deya maktab tomon otlandi. Ta’lim muassasasi o‘quvchilari bilan muloqotga kirishib, ularga o‘zi olib kelgan kitoblarni topshirdi.

Maktabdan chiqqandan keyin O‘zLiDeP deputati va mahalla raisi birgalikda Mohira aya Murodova xonadoniga kirishdi. Uning 1964 yilda tug‘ilgan qizi bolalikda nogiron bo‘lib qolgan ekan. Suhbat jarayonida Mohira aya barcha mehribon insonlarni duo qildi, tadbirkor ko‘magida nogironlar aravachasi olib bergan mahalla ahliga minnatdorlik bildirdi. Shu bilan ishbilarmon partiyadoshimizning tushlik vaqti tugab, xizmat vazifasini bajarish uchun ketdi...

Kamtar deputatga atalgan savollarimizga O‘zLiDeP Zangiota tuman Kengashi apparat rahbari Davron To‘lanov javob berdi. Uning aytishicha, Sh. Ikromov vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, saylovchilar bilan tez-tez uchrashib turadi. Aholini o‘ylantirayotgan masalalarni o‘z vakolati doirasida o‘rganib, ijroiya hokimiyati mutasaddilariga so‘rovlar chiqaradi, ijrosini nazorat qiladi. Masalan, ichimlik suvi quvurlari nosozligi yuzasidan “Musaffo obi hayot” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yuborilgan deputatlik so‘roviga belgilangan muddatda javob qaytarilmagani bo‘yicha tuman prokuroriga taqdimnoma kiritdi. Natijada korxona rahbariga nisbatan MJTKning 193-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik qo‘llanildi.

Aholining e’tiborini tortadigan bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Chunonchi, “Aloqa” MFY hududini obodonlashtirish, “Yosh avlod” va “Yakkabog‘” ko‘chalari yo‘lini ta’mirlash yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ham qisqa vaqtda ijobiy hal etildi. Bunda ham Sh. Ikromov deputat so‘rovi instituti imkoniyatlaridan oqilona foydalandi.

Rasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, xalq deputatlari tuman Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 5-“Nazarbek” okrugi hududidagi to‘rtta mahallada jami 12 107 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. O‘tgan yili bo‘shab qolgan o‘ringa o‘tkazilgan saylovda O‘zLiDeP nomzodiga saylovchilarning 83 foizi ovoz bergan. Sh. Ikromovning bugungi sa’y-harakatlari esa yuksak ishonchni oqlashga qaratilgan.

Deputat bir yillik faoliyati davomida tumandagi mutasaddi tashkilotlarga 52 ta so‘rov chiqardi. Jumladan, ko‘chalarni obodon­­lashtirish bo‘yicha Zangiota tuman obodonlashtirish boshqarmasiga 14 ta, yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha yo‘l xo‘jaligi pudrat-ta’mirlash-foydalanish tashkilotiga 7 ta, elektr tarmoqlari korxonasiga 5 ta, tibbiyot birlashmasiga 3 ta, xalq ta’lim bo‘limiga 4 ta, maktabgacha ta’lim bo‘limiga 3 ta, mahalla jamg‘armasiga 2 ta, tuman hokimiga 3 ta deputatlik so‘rovi yuborib, ularda ko‘tarilgan masalalar qanday hal etilayotganini nazoratga olgan.

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    336
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+