O‘zLiDeP deputati mutasaddilardan Piskent yo‘llari holati bo‘yicha ma’lumot berishni talab qildi

18.04.2019, 17:22

O‘zLiDeP deputati mutasaddilardan Piskent yo‘llari holati bo‘yicha ma’lumot berishni talab qildi

Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Akmaljon Isabayev Piskent tumani saylovchilari bilan uchrashdi.

Piskent tumani hokimi Sh. Ahmedov, tuman prokurori, adliya katta maslahatchisi R. Musoyev, IIB boshlig‘i Sh. To‘raxonov, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A. Abduvaliyev va boshqa mutasaddi rahbarlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari qatnashgan muloqotda partiyamiz deputati mamlakatimizda xalq bilan muloqotga katta e’tibor qaratilayotgani haqida so‘z yuritar ekan, uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad saylovchilarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, fuqarolarning qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarini jamlashdan iborat ekanligini aytib o‘tdi. Aholini erkin muloqot  qilish va barcha kamchiliklarni oshkor qilishga chaqirdi.

Xoliqberdi MFY hududidagi Oqsoqollar ko‘chasida yashovchi Bahrom Tursunboyev maktablar hamda maktabgacha ta’lim muassasalari yonidan o‘tadigan yo‘llarda piyodalar o‘tish yo‘lagi – zebra chiziqlar chizish, bolalar borligidan ogohlantiruvchi yo‘l belgisi qo‘yish kerakligini, ichki yo‘llar ta’mirtalabliligini ma’lum qildi.

Oqtom MFY Istiqlol ko‘chasida yashovchi Sanobar  Mirzaliyeva hududdagi xonadonlarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulashda amaliy yordam so‘radi, ichimlik suvi ta’minotining holatidan noroziligini bildirdi.

Ushbu murojaatlarga tuman hokimi javob berdi. Asfalt bilan qoplanmagan ko‘chalarga belgilangan jadval asosida shag‘al yotqizib berishni va’da qildi. Shundan so‘ng A. Isabayev tegishli mutasaddi idora rahbarlariga tumandagi yo‘llarning holati bo‘yicha ma’lumot tayyorlab berish lozimligini aytib o‘tdi. Simyog‘ochlar masalasi bo‘yicha ham xuddi shunday ro‘yxat qilinib, qayerlarda simyog‘ochlarni almashtirilishi kerakligi bo‘yicha to‘liq ma’lumot berilishini so‘radi.

Fuqaro Abduvoit Omonov 25-umumta’lim maktabida gaz yo‘qligi sababli ko‘mirdan foydalanilishi, ushbu ta’lim maskanini ham tabiiy gaz bilan ta’minlash kerakligi hamda o‘quvchilar uchun oshxona qurib berilishi bo‘yicha amaliy yordam so‘radi. Mutasaddilarning izoh berishicha, oshxona qurilishi 2019 yilda tugallanishi belgilandi va ushbu masala nazoratda bo‘lishi aytib o‘tildi.

Deputat tomonidan bundan keyin ham saylovchilar bilan uchrashuvlar izchil tashkil etilishi aytib o‘tildi.

  • Ko'rildi
    2230
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+