O‘zLiDeP sayxunobodlik 100 ish o‘rin yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 50 ta tikuv dastgohlari olib berishda ko‘maklashdi

18.04.2019, 17:35

O‘zLiDeP sayxunobodlik 100 ish o‘rin yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 50 ta tikuv dastgohlari olib berishda ko‘maklashdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi va Sayxunobod tuman hokimligi bilan hamkorlikda “Har bir oila - tadbirkor” davlat dasturi doirasida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda barcha tijorat banklarining mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, tadbirkorlikni boshlash niyatida bo‘lgan fuqarolar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Yig‘ilishni tuman hokimi Botir Mirzaqulov olib bordi.

- Bugungi ochiq muloqotimizni o‘tkazishdan maqsad tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan aholiga yaqindan ko‘mak berish, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda  kredit mablag‘larini olishdagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishdan iborat, - dedi Botir Mirzaqulov. - Tumanimizda kam ta’minlangan oilalar bo‘lmasligiga, aholimizning farovonligini ta’minlashga, dasturxonlarimizning to‘kin bo‘lishiga erishishimiz kerak.  Buning uchun esa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish lozim. 

Tuman hokimining ta’kidlashicha, shu kungacha kam ta’minlangan oilalardan bor yo‘g‘i 15 nafari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan               23 nafariga kreditlar ajratilgan.

- Hududimizdagi 97 ta oila kredit olib o‘z tadbirkorligini boshlash istagini bildirgandi, - deydi “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi  Hayitali Ismatov. – Bu boradagi zarur hujjatlar tayyorlanib bankka taqdim etilganiga qaramay ularning 12 nafarining talabi “Asakabank” viloyat filiali tomonidan moliyalashtirilib berildi. Qolgan fuqarolarning murojaatlari esa har xil bahonalar bilan paysalga solib kelinmoqda.

- Oilamiz bilan asalarichilik, savdo-sotiq, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanamiz, - dedi Baxtiyor hoji Tog‘ayev. - Ammo men tumanimizda tikuvchilik ustaxonasini ochib, xotin-qizlar uchun yuzga yaqin  ish o‘rni yaratish niyatidaman.

B.Tog‘ayevning murojaati shu yerning o‘zida o‘zining amaliy yechimini topdi. Sayxunobod sanoat kasb-hunar kollejidagi 50 ta zamonaviy tikuv dastgohlari tadbirkorning ixtiyoriga beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir davomida o‘z oilaviy biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan Sherzod Pirnazarov, Ahmadjon G‘ulomov, Sobir Hamroyev va boshqalar kredit olish qiyinchilikka duch kelayotganligi borasida bildirgan fikrlariga bank xodimlari atroflicha javob berishdi. Ko‘tarilgan muammolarning hal etilishi yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar Sirdaryo tumanida ham davom etdi.

Tuman hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkorlikka oid bir qator muammolar o‘rtaga tashlandi.

Yig‘ilishda so‘z olgan  Jalil Mirzaboyev  issiqxonasini kengaytirish,  Barno Sulaymonova non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexini tashkil qilish, Burxan Mirzaxalov quyonchilik bilan shug‘ullanish, Juma Turopov o‘zi istiqomat qilayotgan “Hikmatli” mahallasi hududida hammom qurish istagini bildirdi.

Mazkur ko‘tarilgan masalalarni ijobiy hal etish borasida tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi. Ushbu murojatlarni partiya deputatlik guruhlari o‘z nazoratiga oldi.

Dilorom ESONOVA,

O‘zLiDeP Sirdaryo

viloyat Kengashi

mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    145
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+