Xususiy sektor vakillari soliq siyosatidagi o‘zgarishlardan mamnunmi?

19.04.2019, 12:05

Xususiy sektor vakillari soliq siyosatidagi  o‘zgarishlardan mamnunmi?

O‘tgan yilda soliq  to‘lovchilarga bevosita daxldor bo‘lgan ko‘plab o‘zgarishlar yuz berdi. Soliq tartiblari o‘rtasidagi nomutanosib­liklarni bartaraf etish, adolatli, hammaga birdek ma’qul soliq stavkalarni joriy etish, tadbirkorlarning soliq yukini kamaytirish, biznes uchun teng sharoitlarni yaratishga qaratilgan soliq konsepsiyasi qabul qilindi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 2019 yilda o‘tgan yildagiga nisbatan 2 foizga kamaytirilib, 12 foiz miqdorida belgilandi. Tijorat banklari uchun ham ushbu soliq 22 dan 20 foizga tushirildi. Soliq yukining bunday pasayishini dividentlardan olinadigan foyda solig‘ida ham ko‘rish mumkin. U 10 foizdan 5 foizga tushirildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston jahondagi eng past soliq stavkasiga ega bo‘lgan davlatlardan biriga aylandi.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni qayd etish zarur. Davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning tovar aylanmasidan olinadigan 3,2 foizli majburiy ajratmalar bekor qilindi. Bu raqamlarda ifodalansa, tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar vujudga kelgani ko‘zga tashlanadi. Masalan, ortda qolgan yilda Andijon viloyatida faoliyat yuritgan yuridik shaxslar davlat maqsadli jamg‘armalariga 392 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratishgan. 2019 yildan uning bekor bo‘lishi natijasida viloyatdagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ixtiyorida qancha mablag‘ qolishini tasavvur qilish uchun kuchli mutaxassis bo‘lish shart emas.

Albatta, tejab qolingan mablag‘lar tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati yanada kengayishi, innovatsiyalarni tat­biq etib, ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish hamda eksport salohiyatini rivojlantirishga keng yo‘l ochib beradi.

Shuningdek, soliq turlarining ko‘pligi tadbirkorlarimizga noqulayliklar tug‘dirardi.  Shundan kelib chiqib, soliq siyo­satini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ularni unifikatsiya qilishga e’tibor qaratildi. Avvallari sement (klinker), polietilen granulalar ishlab chiqaruvchilar, mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar qo‘shimcha foyda solig‘i hamda belgilangan rentabellik darajasidan ortgan foydadan ham soliq to‘lashardi. Endilikda ularning bekor qilinishi mazkur korxonalar foyda solig‘ini 20 foiz qilib belgilanishiga xizmat qildi.

Mutasaddi nima deydi?

Tadbirkorlardan “Biz endi umumbelgilangan soliq to‘lash tartibiga o‘tar ekanmiz”, degan gaplarni ko‘p eshityapmiz. Xo‘sh, yangi tizim qanday ishlaydi? Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Zufar Yuldashevning mavzu doirasidagi fikrlari quyidagicha:

– Hozirda tadbirkorlar uchun ikki xil soliq tartibi amal qilmoqda: soddalashtirilgan va umumbelgilangan. Aksariyat korxonalar mikrobiznes shaklida faoliyat yuritishni afzal ko‘rishib, katta korxonaga aylanishni istamasdi, sababi, umumbelgilangan tartibda soliq stavkalari yuqori edi. Soliq konsepsiyasi asosida yirik va kichik korxonalar o‘rtasidagi nomutanosiblik bartaraf etildi. Sog‘lom raqobat muhitini yaratish uchun avvalgidek ishchilar soni emas, balki yillik aylanmalar miqdori asos qilib olinadigan bo‘ldi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, yillik tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar umumbelgilangan soliqlar to‘lashga o‘tkazildi.

Tadbirkorchi?

Ahliddin Zokirov, viloyatdagi “Sing Lida”  mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona rahbari:

 – Soliq tizimiga joriy etilgan yangi tartib tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Bizda eskicha, ya’ni, qancha kam soliq to‘lasak, daromadimiz shuncha ko‘payadi, degan noto‘g‘ri fikr shakllanib qolgan ekan. Korxonamizni yiriklashtirish o‘rniga mikrobiznes shaklida faoliyat yuritishni ma’qul ko‘rganmiz-da, to‘g‘risi. Umumbelgilangan soliq to‘lash tizimi haqida aniq-ravshan tushunchaga ega bo‘lgach, korxonamiz tovar aylanmasi hajmi qancha ortgani sayin, imkoniyatlarimiz ham shunncha ko‘payib borishiga amin bo‘ldim.

Nodirbek Bozorboyev, “Promstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobchisi:

– So‘nggi vaqtlarda nafaqat tadbirkorlar, balki bizning ham asosiy mavzuimiz qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lib qolgan edi. Yangi tizimga o‘tish korxona va tashkilotlarning xarajatlari ortishiga olib keladi, natijada narx-navo ko‘tariladi, degan tasavvur paydo bo‘lgan edi. Soliq xodimlari  tashkilotimizga kelib, belgilangan soliq tizimini batafsil tushuntirishdi. Deylik, hamkorimiz, ya’ni xomashyo yetkazib beruvchi korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi. Undan bizning korxonamiz mahsulot sotib olayotganda 20 foizli QQSni chegirib tashlash imkoniyatiga ega bo‘larkan. Natijada narx ham oshmas, foydamiz ham kamayib qolmas ekan...

***

Bugun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat olib borayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Joriy yildan boshlab ularni soliqqa tortishda ham qator o‘zgarishlar kiritildi. Xususan, 1 yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq to‘lovi stavkasi avvalgidek eng kam ish haqining karrali miqdorida emas, aniq so‘mlarda belgilangan. Lekin Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish­larga muvofiq tovar aylanmasi 100 milliondan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovchilari bo‘lib hisoblanadilar. Agarda yillik aylanma hajmi 1 milliard so‘mdan oshsa, ular ham umumbelgilangan tartibdagi soliqlar to‘lovchisiga aylanishadi. Bunda ular yuridik shaxs maqomiga o‘tishi kerak, degan talablar mavjud emas.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasiga muvofiq soliq tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, avvalo, aholi uchun munosib daromad manbaini hosil qilish, qulay biznes muhitini yaratishdir. Soliq siyosatidagi bunday o‘zgarishlar yaqin yillar ichida mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlashi muqarrar.

Zilola RAHMONOVA,

“XXI asr”   muxbiri

  • Ko'rildi
    1149
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Ислом2019-04-19 16:36:14

Тадбикорни мана бу фикри мени койил колдирди : ' Бизда эскича, яъни, қанча кам солиқ тўласак, даромадимиз шунча кўпаяди, деган нотўғри фикр шаклланиб қолган экан' . Соликни куп тулаб даромад купаяди деган нарса .. лаганбардорлик хам эви билан да. Соликдаги 20% ккс ни максимум 10% га тушириш керак. Урта Осиёдаги энг катта ккс Узбекистонда кабул килинаяпти. Бу бизнесни юришини албатта заифдаштиради.


Fikringizni qoldiring

+