O‘zLiDePda tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati: O‘zbekiston tadbirkorlarining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Xartiyasini qabul qilish vaqti keldi!

22.04.2019, 14:40

O‘zLiDePda tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati:  O‘zbekiston tadbirkorlarining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Xartiyasini qabul qilish vaqti keldi!

Bilamizki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha birdek mas’ul hisoblanadi.

Korrupsiya – nafaqat inson huquqlari buzilishiga, balki xavfsizlikka tahdid soluvchi uyushgan jinoyatchilikning rivojlanishiga ham sharoit yaratuvchi xavfli jinoyat sanaladi.

Shuning uchun ham xalqimiz azal-azaldan birovning haqiga hiyonat, poraxo‘rlik kabi illatlarni qoralab kelgan.

Hozirda ham jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, 2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 2 fevralda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va hududiy idoralararo komissiyalar tuzildi.

Shuningdek, qaror bilan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi.

 Mazkur dasturning 12 bandida Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sherikligi samaradorligini bir qator chora-tadbirlar yordamida amalga oshirish vazifasi belgilab berilgan.

Bu bejiz emas albatta. Chunki korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat idoralari bilan bir safda fuqarolik jamiyati institutlari faol bo‘lgandagina kutilgan natijalarni berishi mumkin. Ayniqsa, bu borada mamlakatda faoliyat yuritayotgan biznes sub’ektlarning o‘rni alohida. Biznes sub’ektlar nafaqat ushbu balodan eng ko‘p aziyat chekadigan soha vakillari hisoblanadi balki unga qarshi kurashda katta o‘ringa egaligi ham ma’lum.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlash bo‘limi Respublika tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab quvvatlash markazi bilan hamklorikda mamlakat tadbirkorlari bilan o‘tkazgan “Tadbirkorlik va biznes faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari, ularni bartaraf etish choralari hamda korrupsiyaga qarshi kurash masalalari” mavzusidagi davra suhbatida bugun mamlakat rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlar uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratib berilayotganligi barobarida, hali xanuz joylarda turli bahonalarni ro‘kach qilib ularning ishiga to‘g‘anoq bo‘layotgan rahbarlar ham ko‘p uchrayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Bunday holatlarda ba’zi tadbirkorlarning o‘z muammosini turli noqonuniy yo‘llar bilan hal etishga urinish holatlarining mavjudligi, qator tadbirkorlarning qonun doirasidan chiqib ishlashiga olib kelayotganligi, qonun doirasida ishlayotgan tadbirkorlani esa  ushbu holat qiyin vaziyatga solib qo‘yayotganligi ochiq aytildi.

Tadbirkorlar bunday holatlarning oldini olish maqsadida qonun doirasida ishlashga tayyor bo‘lgan tadbirkorlarni korrupsiyaga qarshi kurashga birlashtirish vaqti kelganligi to‘g‘risida gapirib o‘tishdi. Yig‘ilishning yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda tadbirkorlarning, biznes sub’ektlarining korrupsiyaga qarshi kurash xartiyasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqish to‘g‘risdagi g‘oya ilgari surildi.

Bunday xartiya uning asosiy g‘oyasi bo‘lmish korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashish borasidiga intilishlarni qo‘lab quvvatlovchi barcha tadbirkorlar uchun, qolaversa ularning uyushmalari uchun ochiq bo‘lishi kerakligi, unda ilgari surilgan masalalarni doimiy ravishda muhokama qilib borib, xulosalarni tegishli davlat organlariga kiritib borish lozimligi to‘g‘risida xulosalarga kelindi.

  • Ko'rildi
    1034
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+