O‘zLiDeP rahbari Aktam Xaitov o‘zi tahsil olgan maktabga kitoblar sovg‘a qildi

22.04.2019, 16:00

O‘zLiDeP rahbari Aktam Xaitov o‘zi tahsil olgan maktabga kitoblar sovg‘a qildi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov “O‘zLiDeP, yoshlar, kitob, ma’naviyat” nomli aksiya doirasida o‘zi tahsil olgan Kitob tumanidagi 37-maktabda uchrashuv tashkil qildi.

- Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha beshta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ushbu tashabbuslarning biri sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida ustuvor vazifalar belgilab berildi, - deydi partiya rahbari A. Xaitov. - Davlatimiz rahbarining yoshlarimizni kitobga qaytarish borasidagi ushbu sa’y-harakatlarini barcha yurtdoshlarimiz qatori O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu masalada partiyamiz tomonidan o‘tgan yillar davomida joylarda partiya faollari ko‘magida “O‘zLiDeP kutubxonalari” tashkil qilindi. Shu kunlarda esa respublikamizning barcha hududlardagi olis qishloq maktablarida “O‘zLiDeP, yoshlar, kitob va ma’naviyat” nomli aksiyasi tizimli o‘tkazib kelinyapti. Mazkur aksiya doirasida partiyamiz yetakchilari, faollari, deputatlar o‘zlari tahsil olgan maktablarda uchrashuvlar tashkil qilib kitoblar sovg‘a qilishmoqda.

O‘zLiDeP rahbari A.Xaitovning o‘zi ta’lim olgan ilmi maskaniga taqdim qilgan kitoblarning barchasi nafaqat maktab yoshidagi o‘quvchilarga, yaqin mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolarga ham birdek qiziqarli kitoblar bo‘lib, ularning dunyoqarashini kengaytirishda milliy, umuminsoniy o‘lmas qadriyatlarning inson hayotidagi o‘rnini ko‘rsatib berishga yo‘naltirilgan. Ushbu taqdim qilingan kitoblarning orasida jahon mumtoz adabiyoti, milliy adabiyotimiz durdonalari bilan birgalikda yoshlarning dunyoqarashini shakllantirish, rivojlantirishga xizmat qiluvchi ilmiy adabiyotlar, ensiklopediyalar, shuningdek, sarguzasht asarlar ham o‘rin olgan.

Mazkur xayrli tadbirning natijasi yoshlarimiz dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

  • Ko'rildi
    811
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+