Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi

23.04.2019, 17:46

Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi

Bugungi kunda sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida nodavlat tibbiyot muassasalari sonini yanada ko‘paytirish hamda ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, xususiy tibbiyot muassasalarining aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishdagi hissasini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etishning institutsional va huquqiy mexanizmlarini yaratish masalasi hali-hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 16 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ushbu sohada uchrayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda katta turtki bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qarorga ko‘ra, xususiy sog‘liqni saqlashni yanada rivojlantirish, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyalarni, ayniqsa, chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish, shuningdek, aholining yuqori texnologik tibbiy xizmatlar va uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektori ishtirokini rag‘batlantirish borasida qator vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, ushbu hujjatda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida imtiyozli kreditlash tartibi belgilandi. Unga ko‘ra import qilinadigan zamonaviy tibbiyot uskunalari va inventarlarni sotib olish uchun chet el valyutasida kiritiladigan investitsiya umumiy hajmining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan, 3 yillik imtiyozli davr asosida esa 8 yilgacha bo‘lgan muddatga qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birga yillik 1,0 foizli, investor tomonidan kiritiladigan investitsiyalarning umumiy hajmining 80 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida xususiy, shu jumladan xorijiy investitsiya kiritish sharti bilan amalga oshirish belgilandi. Bu kabi imtiyozlar xususiy tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar faoliyatini yanada rivojlantirishga katta turtki bo‘ladi.

Prezidentimizning xususiy sektorini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tiborini hammamiz faoliyatimizda chuqur his qilib turibmiz. 2010 yilda Bag‘dod tumanida “Fibrodiagnostika” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilgan edik. Bugungi kunda xususiy klinikamizda 20 nafar tajribali shifokorlar faoliyat olib boradi. Klinikamiz aholiga ambulator va statsionar sharoitda davolash, terapevt, dermatolog, revmatolog ko‘rigi, ultratovush va endoskopik tekshiruvi, klinik, bioximik laboratoriya, fizioterapiya muolajalari singari davolash hamda tashxis qo‘yish xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Klinikamizga bir kunda 30-40 nafar fuqarolar murojaat qilishadi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qaroridan ruhlanib, faoliyatimizni yanada kuchaytirish, moddiy-texnika bazamizni yanada mustahkamlash, tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan xizmatlar ko‘lami va turlarini kengaytirish maqsadida ultratovush tekshiruvi apparati va zamonaviy laboratiya jihozlarini sotib olishni rejalashtirganmiz.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning xususiy tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur qarori xususiy tibbiy muassasalar faoliyatining rivojlanishi, sarmoyaviy loyihalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, xorij sarmoyadorlarini xususiy tibbiyot sohasiga jalb etishga xizmat qiladi.

Bahodir MAXMUDOV,

Farg‘ona viloyat Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi,

“Fibrodiagnostika” MChJ direktori

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1051
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+