O‘zLiDeP deputatlari Xorazm viloyati MTM boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining hisobotidan qoniqmadi

24.04.2019, 15:59

O‘zLiDeP deputatlari Xorazm viloyati MTM boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining hisobotidan qoniqmadi

Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi va Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017—2021 yillarda Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi keng muhokama qilindi.

Uchrashuvda so‘z olganlar maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik shakllarini yanada kengaytirish, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha ruxsatnoma berish tartibi, MTMlarning faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga doir imtiyozli bank kreditlari, soliq imtiyozlari, ushbu soha rivojiga ajratilayotgan investitsiyalar hajmi borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berishdi.

- O‘tgan yili viloyatimizda 3-7 yoshdagi bolalar soni 145 345 nafar bo‘lib, shundan 47 054 nafari 309 ta davlat, 11 ta nodavlat, 1 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olindi, - deydi Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Furqat Ro‘zmetov. - Bugungi kunda viloyatimizdagi 50 500 nafar maktab yoshidagi bolalar 381 ta maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olindi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan maktabgacha ta’lim muassasalari 134 taga, qamrab olingan bolalar soni 20 800 nafarni tashkil etadi. Joriy yilning oxirigacha yana qo‘shimcha 30 mingdan ortiq 3-7 yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Partiya deputatlik guruhlari vakillari ushbu sohada uchrayotgan ayrim muammolar, xususan, tadbirkorlarning yer olish, hujjatlarning rasmiylashtirish, kreditlarning o‘z vaqtida ajratilmayotganligi borasida tanqidiy fikrlar bildirib o‘tishdi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha partiya deputatlik guruhlarning tegishli qarori qabul qilindi. Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga taklif kiritishga kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    1070
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+