Totuv turmush kafolati

25.04.2019, 12:09

 Totuv turmush kafolati

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi davomidagi ikki tomonlama uchrashuvlarni ommaviy axborot vositalari orqali muntazam kuzatib bordim. Yuksak ilmiy-texnik, innovatsion va intellektual imkoniyatlarga ega Koreya Respublikasi bilan ayni yo‘nalishdagi hamkorlikning yanada yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xursand bo‘ldim.

Fikrimiz isboti tariqasida ayrim raqamlarni keltirish o‘rinli: 2018 yili Koreya Respublikasi yalpi ichki mahsulotining 4,24 foizini, ya’ni 79,4 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni ilm-fan sohasiga sarflab, bu borada dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaganini hamma ham bilmasa kerak. Shularni inobatga olgan holda mazkur mamlakat bilan innovatsiya sohasida samarali munosabatlarni o‘rnatish o‘ta muhim masaladir.

O‘tgan yillarda O‘zbekiston va Koreya ilmiy jamoatchiligi o‘rtasidagi ilmiy-texnik aloqalarni mustahkamlash maqsadida Koreya rivojlanish instituti, Koreya ilmiy-texnik axborot instituti, Koreya politexnika universiteti, Koreya ilm-fan va texnika jamg‘armasi kabi qator muassasalar bilan ilmiy-tadqiqot ishlar bajarilgani har birimizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Ilmiy-texnik hamkorlik doirasida qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, sog‘liqni saqlash, fizika-kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar o‘zbek olimlarining ilmiy tadqiqot ishlariga Koreya investitsiyalarini jalb etish, Koreya ilmiy laboratoriyalarining asbob-uskunalari va materiallaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro ilmiy jurnallarida maqolalarini chop etishga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi muhim voqea sifatida mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Bu jihatga bejiz urg‘u berayotganim yo‘q. Yurtimizda istiqomat qiladigan 140 dan ortiq millat va elat vakillari orasida ikki yuz mingga yaqin koreys millatiga mansub fuqarolar ham yashab kelayapti.

Mamlakatimizda koreys hamda boshqa millat vakillariga katta imkoniyatlar yaratilgan. Buning yaqqol dalili sifatida men 2017 yilda 14-“Suvmash” saylov okrugidan Xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputati etib saylandim. 

Poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan “Suvchi” dahasi, “Rohat”, “Mirishkor” kabi mahallalarida ko‘plab koreys millatiga mansub aholi tinch-osoyishta hayotda kechirib, xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilishyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kundagi ikki davlat o‘rtasidagi turli sohadagi hamkorliklar turli millat vakillarining ahil va totuv turmushining barqaror kafolatidir.

Vyacheslav KAN,

Xalq deputatlari Bektemir tuman

Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik

guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    778
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+