OʻzLiDeP aksiyasi doirasida deputatlar yoshlarga kitoblar sovg‘a qildi

29.04.2019, 09:31

OʻzLiDeP aksiyasi doirasida deputatlar yoshlarga kitoblar sovg‘a qildi

Hozirgi kunda mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Yurtimizda ularning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun esa barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, yoshlarni kitob bilan oshno, do‘st qilishga jiddiy e’tibor qaratilayotir.

Bu haqda gapirganda OʻzLiDeP hududiy tashkilotlari tomonidan “Durdona” loyihasi doirasida o‘tkazib kelinayotgan targ‘ibot tadbirlarini alohida ta’kidlash joiz. Chunki bugun loyiha doirasidagi tadbirlar natijasida yurtimizda yosh kitobxonlar safi tobora kengayib boryapti.

Partiya Toshkent shahar Kengashi tomonidan Chilonzor tumanidagi 164-sonli maktabda o‘tkazilgan “O‘zLiDeP, yoshlar, kitob va ma’naviyat” nomli targ‘ibot aksiyasi ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbirda OʻzLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Madamin Nazirov va partiya tuman Kengashi xodimlari so‘zga chiqib, kitob jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashda yengilmas kuch ekanini aytib, o‘quvchilarni ko‘prok kitob mutolaa qilishga chaqirdi.

–Bolalikdan kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘raman. Shu bois, bo‘sh vaqtlarimda ko‘proq kitob o‘qib turaman, – deydi mazkur maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sardorbek Ganiyev. – OʻzLiDeP faollari tomonidan tuhfa etilgan kitoblar esa bilim va malakamizni yanada oshirishda katta turtki bo‘ladi.

Shu kuni OʻzLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Saidolim Nasriddinov ham bu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tumandagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilariga 100dan ortiq kitoblar sovg‘a qildi.  

– Kitob o‘qish – aqlni charxlaydi. Yaxshi kitob o‘qigan kishi o‘zini kuchliroq, aqlliroq sezadi. Har qanday yangilik bir kun kelib eskirishi mumkin, lekin insoniyatnint ming-ming yillar davomida qo‘lga kiritgan aqliy hamda fikriy durdonalarini o‘zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Shu bois, deputat tomonidan taqdim etilgan kitoblar jamlanmasidan juda xursand bo‘ldik, – deydi maktab direktori Rustam Safarov.

Ta’kidlash kerak, shu kuni xalq vakillari A.Nekbayev va Renata Yuusupovalar ham o‘z saylov okruklarida joylashgan maktablarda bo‘lib, yoshlarga 100 ga yaqin kitoblar sovg‘a qilishdi. 

Murodjon O‘RINOV,

O‘zLiDeP Toshkent shahar

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1104
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+