Sayyor qabul: O‘zLiDeP faollari 2-guruh nogironi A.Xidirovning uyini ta’mirlashda ko‘maklashadi

29.04.2019, 11:44

Sayyor qabul: O‘zLiDeP faollari 2-guruh nogironi A.Xidirovning uyini ta’mirlashda ko‘maklashadi

O‘zLiDeP Kattaqo‘rg‘on tuman Kengashi “Kattako‘rpa” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Unda partiya tuman Kengashi xodimlari, mahalliy kengash deputatlari, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda tuman elektr tarmoqlari korxonasi vakillari ishtirok etdi.

Qabulda asosan fuqarolardan uy qurish uchun yer ajratish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, eski simyog‘ochlarni ta’mirlash, odamlarni suyultirilgan gaz ballonlar bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqa masalalarga oid qator murojaatlar kelib tushdi.

Jumladan, “Kattako‘rpa” MFYda yashovchi R.Ergasheva, J.Eshov, Yu.Davirova, N.Axmedova, M.Boboyeva, S.Ochilova, S.Raxmatova hamda Xurshida Umarovalar mahallaga gaz balonlari o‘z vaqtida yetib kelmasligidan shikoyat qilishdi. 

Mazkur murojaatlar yuzasidan O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari tomonidan tegishli tashkilotlarga so‘rov chiqarilishi belgilandi.

Shu mahallada yashovchi Zulayxo Majidova esa imkoniyati cheklangan farzandi 2-guruh nogironi To‘lg‘onoy Rashidova 5-sinfdan buyon ta’lim olishida uzilishlar bo‘layotganligidan arz qildi.

–Qizimga 5-sinfga qadar o‘qituvchisi har kuni kelib, dars o‘tib ketar edi. Boshlang‘ichni tugatgach, har bir fandan alohida o‘qituvchi ta’lim berishi bois qizimga ta’lim berishda uzilishlar bo‘lyapti. Hozir uning sinfdoshlari 8-sinfda o‘qishadi. Men bolamni sog‘ayib ketishiga umid qilib yashayman, – deydi Z.Majidova.

Bu masala bo‘yicha xalq noiblari tuman xalq ta’limi bo‘limi vakillari bilan telefon orqali bog‘lanib, muammoni joyida hal etishdi.

Sayyor qabul jarayonida partiya faollari Kattako‘rpa qishlog‘ida yashovchi 2-guruh nogironi 16 yoshli Azizbek Xidirov holidan ham xabar olishdi.

Azizbek Xidirov bolalikdan nogiron bo‘lishiga qaramay kitob o‘qishga, ta’lim olishga ishtiyoqi baland. U ota-onasi vafot etganligi bois opasi Umida Xidirovaning qaramog‘ida yashaydi. Umida Xidirova yosh bo‘lishiga qaramay oila qurmasdan nogiron ukasini bir necha yildan buyon parvarishlab kelyapti.

Suhbat va muloqotlar davomida u uyni ta’mirlashda amaliy ko‘mak so‘radi.Uning murojaati ushbu mahalla qoshida faoliyat yuritayotgan partiya boshlang‘ich tashkiloti faollari va tadbirkorlar ko‘magida hal etiladigan bo‘ldi.

 Baxtigul QARShIYEVA,

 O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi

Teglar
Sayyor qabul
  • Ko'rildi
    922
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+