O‘zLiDeP fraksiyasi Hukumatning Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotiga qanday munosabatda bo‘ldi?

29.04.2019, 12:12

O‘zLiDeP fraksiyasi Hukumatning Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotiga qanday munosabatda bo‘ldi?

26 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investi-tsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida Bosh vazir va hukumat a’zolari parlament oldida har chorakda hisobot berib borishi ilgari surilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis tarixida ilk marotaba Bosh  vazir va hukumat a’zolarining parlament oldidagi choraklik hisoboti O‘zLiDeP fraksiyasida dastlabki muhokamalar chog‘ida batafsil o‘rganib chiqildi. Fraksiya a’zolari, avvalambor, Davlat dasturida ishlab chiqilishi belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning parlamentga o‘z vaqtida kiritilishi hamda mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari ijrosi holatiga, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, dastur ijrosi natijadorligini oshirishga qaratilgan takliflarga alohida ahamiyat qaratdilar.

«2019 yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning  tegishli davriga nisbatan 5,3 foizga o‘sgan, – deydi fraksiya a’zosi Nilufar Saidahmetova, – investitsiyalar hajmi 29,9 foizga, qurilish ishlari hajmi 5,9 foizga o‘sgan. Inflyatsiya darajasi 4,3 foizni tashkil etib, prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bajarilishi ta’minlangan. Davlat budjetining 2019 yil birinchi chorakdagi daromadlari 23 trln. so‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga ortgan.

Mahalliy budjetlar tuzilmasi o‘zgartirilishi va mahalliy hokimliklarning budjet vakolatlari oshirilishi natijasida joriy yilning hisobot davrida mahalliy budjet tushumlari qariyb 8 trln. so‘mga bajarilgan. Natijada mahalliy budjetlar ixtiyorida qo‘shimcha 1,0 trln. so‘mga yaqin mablag‘lar qoldirilgan».

Darhaqiqat, 2019 yilning birinchi choragida Davlat budjetining harajatlari 24,1 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga oshgan. Hisobot davrida davlat budjeti taqchilligi 1,1 trln. so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida 67,4 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, chakana savdo aylanmasi 32,8 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 foizga o‘sgan. Aholi daromadlarining oshishi natijasida jami xizmatlar hajmi 40,2 trln. so‘mga yetgan etgan va o‘tgan yilga nisbatan 11,1 foizga ko‘paygan. «Fraksiyamiz yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida belgilab berilgan muhim yo‘nalish – turizmni rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb etish, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish va 2025 yilgacha yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 7 million nafarga yetkazish, undan tashqari, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha vazifalaridan kelib chiqib, Hukumat tomonidan bu borada o‘tgan davrda sohani rivojlantirish milliy konsepsiyasi ijrosining holatiga e’tibor qaratdilar, – deya ta’kidladi fraksiya a’zosi Shuhrat Sharafutdinov.

Hisobotdan ko‘rinib turibdiki, mamlakatda turistik xizmatlar eksporti ham o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 33 foizga oshib, 246,1 mln. dollarni tashkil etgani e’tiborga molikdir. Investitsiya dasturi doirasida birinchi chorakda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 34,3 trln. so‘m yoki yillik rejaga nisbatan 31 foiz mablag‘lar o‘zlashtirilishi ta’minlangan».

Xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha 15 trln. so‘m, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida 750 mln. dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 barobarga ko‘paygan.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan transport sohasini tizimli isloh etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, hisobot davrida avtomobil transporti sohasida yo‘lovchilar tashish uchun 330 ta zamonaviy avtobuslar olib kelinib, xizmat ko‘rsatishga kirishilgan. Temir yo‘l sohasida respublika hududida va qo‘shni davlatlarga temir yo‘l reyslari sonini oshirish maqsadida «Termiz – Moskva» va «Andijon – Ufa» yo‘nalishlariga yangi yo‘lovchi poyezd reyslari yo‘lga qo‘yilgan. Havo transporti sohasida bu davrda 3 ta zamonaviy samolyot olib kelingan.

Umuman olganda, deputatlar Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini to‘liq ma’qulladilar. Zero, partiya siyosiy platformasida O‘zLiDeP qabul qilinayotgan davlat dasturlarining ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan nazoratning ta’sirchanligi va samaradorligini ta’minlash tarafdori ekani belgilab qo‘yilgan.

Fraksiya a’zolari davlat dasturida amalga oshirilishi belgilangan normativ hujjatlarning qabul qilinishiga ham alohida ahamiyat qaratdilar. Xususan, 2019 yilning birinchi choragida Davlat dasturining 63 ta bandi ijrosi ta’minlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 46 ta band bajarilgan. O‘z vaqtida bajarilmagan bandlar bo‘yicha deputatlar tomonidan asosli e’tirozlar bildirildi.

Shuningdek, deputatlar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida 825 nafar mansabdor shaxsning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi mazkur sohadagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda mansabdorlarning ijro intizomi masalasida mas’uliyatini yanada oshirishi lozimligini ta’kidladilar.

Muhokamalarda davlat dasturini samarali amalga oshirishda bojxona, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozlarni taqdim etishga bo‘lgan amaldagi yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Fraksiya a’zolari tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat dasturlarini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlaridagi mavjud byurokratik to‘siq va sub’ektiv omillarni barataraf etish yuzasidan Hukumat alohida ko‘rsatmadan iborat normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, qat’iy nazoratni amalga oshirishi lozimligi, zarur hollarda deputatlar bilan bu sohada faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerakligini bildirib o‘tdilar.

  • Ko'rildi
    759
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Дилшод2019-04-30 08:44:56

Ассалом алейкум хурматлий Олий мажлис депутатлари сизлардан Бир илтимос 2010 йил 26апрелдаги бозор комплексилари учун чикарилган карорларингиз бизхусусий дукон эгалари учун факат зарар келтиряпди балки Айрим шахларга фойдадур лекин Ман оилавый корхона рахбари Ман эртадан кечгача тикувчилик Билан тирикчилик киледиган одамга бехуда бекордан бекор пул тулаш Алам килади экан сизларга ишонамиз илтимос мурожатими куриб чиксаларинг


Fikringizni qoldiring

+