O‘zLiDeP fraksiyasi 2018 yilgi Davlat byujeti loyihasini muhokama qildi

13.12.2017, 16:15

O‘zLiDeP fraksiyasi 2018 yilgi Davlat byujeti loyihasini muhokama qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilgan 2018 yilgi soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etgan yig‘ilishda fraksiyaning O‘zLiDeP Saylovoldi dasturida qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq pozitsiyasi belgilab olindi. Binobarin, partiya Saylovoldi platformasida makroiqtisodiy siyosatni davom ettirish maqsadida Davlat budjeti mutanosibligini ta’minlash, iqtisodiyot va xo‘jalik sub’ektlari uchun soliq yukini yanada kamaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, soliq ma’muriy boshqaruvini yaxshilash, moliya bozori barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mo‘‘tadil qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirish, mahalliy budjetlarning daromadlar qismini mustahkamlash, butun soliq tizimini soddalashtirish va uning aniq-ravshan, tushunarli bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Yig‘ilishda 2018 yilgi budjet va soliq siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari 2017-2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda shakllantirilganligi ta’kidlandi.

Asosiy moliyaviy hujjatda 2018 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi daromadlariga soliq yukini yanada kamaytirish maqsadida foyda solig‘i hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalarning umumiy stavkasini pasaytirish, ko‘char mulkni yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan, soliq stavkasini 5 foiz miqdorida saqlagan holda, ozod qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarini pasaytirish, o‘simlik yog‘i bo‘yicha aksiz solig‘i stavkasini 50 foizga qisqartirish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yuki darajasini fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan hisob raqamlariga ajratma miqdorini 1 foizdan 2 foizgacha oshirish hisobiga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari 2018 yilda budjet mablag‘larini rejalashtirishning samaradorligini oshirish, ulardan foydalanishda yuqori natijalarga erishish hamda budjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan choralarni amalga oshirishni davom ettirish ko‘zda tutilayotganiga alohida e’tibor qaratishdi.

Ta’kidlandiki, 2018 yilda Davlat budjeti daromadlari 62,2 trln. so‘mni yoki YaIMga nisbatan 21,4 foizni tashkil etadi. Davlat budjetiga tushumlar YaIM nominal o‘sishiga mos ravishda 25,9 foizga ortadi. Bevosita, soliqlar bo‘yicha tushumlarni prognoz qilishda foyda solig‘i bilan obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarining birlashishi hisobga olindi.

Iqtisodiyot xarajatlarining asosiy qismini tashkil etayotgan 2 741,8 mlrd. so‘m hajmdagi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi ob’ektlarini saqlash xarajatlari bilan bog‘liq masalaga fraksiya a’zolari alohida e’tibor qaratishdi. Bunda joriy yilga nisbatan 9,4 foizga o‘sish bilan yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,9 foiz miqdorida belgilash nazarda tutilmoqda.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining 2018 yilgi prognoz ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2008-2022 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorida belgilangan maqsadli parametrlar asosida prognoz qilingan. Dastur doirasida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasidan yerlarning meliorativ holatni yaxshilash tadbirlari uchun 2018 yilda 553,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

E’tiborga molik jihati, ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 276,0 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanishiga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligi hamda fermer xo‘jaliklarining daromadlari oshishiga erishiladi.

Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi asosiy masala va qizg‘in kechgan muhokamalar yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1727
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+