Mirzaobodlik yosh tadbirkor Maftuna Mamajonova “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida qatnashadi

30.04.2019, 16:43

Mirzaobodlik yosh tadbirkor Maftuna Mamajonova “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida qatnashadi

O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Mirzaobod tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik-tanlovda “Haqiqat”, “Yangi ovul”, “Toshkent”, “Bog‘iston”, “Yangi yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yigirma nafarga yaqin tadbirkor, hunarmand, fermer ayollar qatnashdi. Hay’at a’zolari ishtirokchilarning faoliyatini Nizom qoidalari asosida o‘rganib chiqdilar.

“Mahmud qizi Maftuna orzusi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari  Maftuna Mamajonova, dizayner Ra’no Boymirzayeva, tikuvchi O‘g‘iloy Bekmirzayeva va boshqalarning faoliyati ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.

Tumanning “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Ozoda Yo‘lbarsova o‘tgan yili “Turonbank” Sirdaryo  viloyati bo‘limidan 23 million so‘m miqdorida kredit olib ish boshlagandi. Uning mo‘‘jazgina sexida ishlab chiqarilayotgan non va non mahsulotlari qisqa vaqtda o‘z xaridorlarini topdi. 5 ta ishchi mehnat qilayotgan makaron sexida ishlab chiqarilayotgan 4 xildagi makaron mahsulotlariga Guliston shahri bozorlarida  talab  kun sayin ortib bormoqda.

Ushbu tanlovda faol ishtirok etgan “Mahmud qizi Maftuna orzusi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Maftuna Mamajonovaning faoliyati va erishgan yutuqlari barchani birdek havasini uyg‘otdi.

- Tadbirkorlikni o‘z mablag‘im hisobiga boshlab, bankning 10 milion so‘mlik krediti evaziga uni rivojlantirdim. 2017 yilda  faoliyatimni echkichilikdan boshladim. 20 ta echki sotib olgandim. Ikki yarim yil ichida echkilarim soni 235 boshga yetdi. Undan tashqari 1 gektar yerda anorchilik, 1 gektar yerda uzumchilik xo‘jaligini tashkil etdim. 3 gektar maydonga ekilgan bedazor atrofiga echkilar uchun qo‘ra qurdim. Echkichilikdan kelgan mablag‘ hisobiga tikuvchilik ustaxonasini tashkil qildim va o‘n nafar qishloq ayollarini ish bilan ta’minladim.

Maftunaning qurt tayyorlash  sexida 4 nafar qishloq yoshlari ish bilan band.1,5 sotixlik issiqxonada ham ikki-uch nafar qishloq yoshlarini bandligi ta’minlangan. Yaqinda 20 ta tuyaqush sotib olinganligi  hisobiga ishchilar soni yana uch-to‘rt nafarga ortdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra yosh ishbilarmon qiz Maftuna Mamajonova “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi g‘olibi deb topildi va viloyat bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Shuningdek, ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan Ra’no Baymuratova ikkinchi, Nilufar Bozorboyeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

G‘olib va sovrindorlarga O‘zLiDeP tuman Kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sabohat BABAYEVA,

O‘zLiDeP Sirdaryo

viloyat Kengashi

bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    1048
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+