Deputat so‘rovidan so‘ng D.Nurmamatovaga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi

01.05.2019, 16:45

Deputat so‘rovidan so‘ng D.Nurmamatovaga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashiga Samarqand shahri Beruniy ko‘chasi 52-uyda yashovchi 1-guruh nogironi Dilbar Nurmamatova tomonidan murojaat kelib tushdi.

 Murojaatda fuqaro 18 yoshida daraxtdan yiqilib, ikki oyog‘i shol bo‘lib qolganini, shunga qaramay ko‘p yillar xalq xo‘jaligining turli sohalarida hisobchi bo‘lib ishlaganini aytgan. Hozirgi kunda tez-tez salomatligi yomonlashib, madorsiz bo‘lib qolayotganini bildirib, salomatligini tiklashda ko‘mak so‘ragani bayon qilingan.

Shundan so‘ng, murojaat yuzasidan O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Tolibboy Eshmonov tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga so‘rov yuborilgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay D.Nurmamatova tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, davolanish uchun Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Yaqinda xalq vakili T.Eshmonov murojaatchining holidan xabar olish, u bilan dildan suhbat qilish maqsadida shifoxonaga bordi.

 “Men O‘zLiDeP partiyasiga, xususan deputat Tolibboy Eshmonovga minnatdorchilik bildiraman. Partiya faollari tufayli salomatligimni ancha tiklab oldim. Shifoxonada barcha muolajalar bepul amalga oshirilmoqda. Shifokorlarga ham katta rahmat, – deydi Dilbar opa.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokor o‘rinbosari Dilafro‘z Mahmudovaning ma’lum qilishicha, D.Nurmamatova kasalxonaga yotqizilganida ahvoli og‘ir bo‘lgan. Qondagi gemoglobin miqdori 37 ga tushgan, bosh aylanishi, madorsizlikdan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng, unga ichki qon ketish tashxisi qo‘yilib, ikki marotaba qon va plazma qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 30 ga yaqin so‘rov chiqarilgan va ularning aksariyati ijobiy hal etilgan. 

Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1664
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+