Xonqalik deputatlarimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi

01.05.2019, 16:59

Xonqalik deputatlarimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi

O‘zLiDeP Xonqa tuman Kengashi 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab Qirq-yop qishlog‘idagi “Obod” mahallasida “Xotira aziz – qadr muqaddas” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazdi.

Tadbirda ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rajabboy ota G‘aipov ham ishtirok etib, butun dunyoni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushining zahmatli, og‘ir mashaqqatli kunlari haqida yoshlarga so‘zlab berdi.

“18 yoshimda urushga ketdim. Urushda og‘ir yaralanib 1943 yilda nogiron bo‘lib uyga qaytdim. O‘sha davrning o‘zini eslash men uchun juda og‘ir. Chunki minglab yurtdoshlarimiz ko‘z o‘ngimda halok bo‘ldi. Shukrki, bugun dorilomon kunlarda yashayapmiz”, –  deydi Rajabboy ota.

Tadbirda so‘z olganlar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarini qutlab, mamlakatimizda o‘tganlar ruhini shod etish, keksalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ezgu an’anaga aylanganini alohida e’tirof etdi.

“Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. O‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardan biridir. O‘zbek xalqi vatani, xalqining farovonligi, tinchligi yo‘lida jonini fido etgan farzandlarini hech qachon unutmaydi”, – deydi Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zosi  Nasiba Masharipova.

Tadbir so‘ngida xalq vakillari Nasiba Masharipova va Qadamboy Jumaniyazovlar tomonidan nuroniy otaxonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.  

 

                                                                           Nilufar DJABBAROVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    940
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+