Prezidentimizning Surxondaryoga tashrifi doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda astoydil harakat qilamiz

01.05.2019, 17:04

Prezidentimizning Surxondaryoga tashrifi doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda astoydil harakat qilamiz

Eshqobil SOBIROV, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 30 aprel va 1 may kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbari 2018 yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini sifat jihatidan kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlarida umumiy qiymati 3 trillion 12 milliard so‘mlik 423 ta loyiha ishga tushirilib, 7 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda sement ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Granit va gabbro toshlarini qazib olish va qayta ishlash korxonasi barpo etildi. Zamonaviy ta’lim, tibbiyot muassasalari, issiqxonalar qurilib, turli ziroatlar yetishtirish, chorvachilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirish, aholini arzon, sifatli uy-joy bilan ta’minlashga e’tibor yanada kuchaydi. Olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning dastlabki choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 3,4, sanoat 2, qurilish 25,5, xizmatlar 4,2 foizga oshdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida viloyatda 42 ta loyihaga 23,6 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Sanoat sohasida 16,2 million dollar, qishloq xo‘jaligida 3,62 million, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 3,16 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi davomida Sariosiyo tumanidagi To‘polang gidroelektr stansiyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Sariosiyo tumanidagi Sharg‘un ko‘mir konida amalga oshirilayotgan ishlar va bir qator yirik korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. “Sharg‘unko‘mir” AJni modernizatsiya qilish investitsiya loyihasi, Boysun toshko‘mir va Sherobod tumanidagi Ko‘hitang konlarida ko‘mir qazib chiqarishni tashkil etish, Sariosiyo tumani va Sharg‘un shaharchasini 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Viloyatimizda bu kabi amalga oshirilayotgan katta loyihalar, investitsiyalarning kiritilishi, yirik korxonalarning barpo etilishi minglab yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga, aholimiz farovonligini ta’minlashga, nafaqat viloyatimizni balki, O‘zbekiston iqtisodiyotini yuksaltirishga katta xizmat qiladi.

Partiyamiz deputatlik guruhi a’zolari Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlashda o‘z faolligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga viloyatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi farovonligini ta’minlash, hududlarda yangi ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil qilinishida xorijiy investorlarni jalb qilish, yangi investitsiya loyihalarning har biri ustidan qat’iy deputatlik nazoratini olib borishda astoydil harakat qiladi.

Alisher RO‘ZIYEV, O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi:

Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida yirik loyihalar bilan tanishish barobarida hududlarimiz aholi farovonligini ta’minlash maqsadida tomorqalarda zamonaviy usuldagi issiqxonalarni tashkil qilish, meva-sabzavot mahsulotlarni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va eksportini yo‘lga qo‘yish hamda chorvachilik, parrandachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalarni ham ko‘zdan kechirdi, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlari oldiga qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Prezidentimiz Sariosiyo va Boysun tumanlarida meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish, xonadonlarda chorva boqishni keng yo‘lga qo‘yib, oilalarning o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tishi lozimligini ta’kidladi.

Shu bilan bir qatorda barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tuman hokimliklari kichik-kichik investitsiya loyihalarini jalb qilib, eksport va soliq tushumini ko‘paytirishi lozimligi, bu orqali esa hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha marralarimiz va erishadigan natijalarimiz bugungidan o‘n karra baland bo‘lishligini alohida qayd etib o‘tdilar.

Surxondaryo viloyatida ertagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va eksportga chiqarish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, agrosanoat klasteri tashkil etish va boshqa qator loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Bu borada O‘zLiDeP faollari ham respublikamizning barcha hududlarida har bir xonadonlarda bo‘lib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish borasida tizimli ishlarni olib boryapti. Eng chekka hudud aholi vakillari uchun tajribali tomorqachilar ishtirokida mahorat darslari, seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.

Prezidentimiz tomonidan tomorqalardan samarali foydalanish borasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda partiya vakillari, deputatlik guruhlari, faollaridan tarkib topgan ishchi guruhlar bundan keyin ham tizimli ravishda bu kabi amaliy ishlarni olib borishda astoydil harakat qiladi.

  • Ko'rildi
    1346
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+