O‘zLiDeP “Ayollar qanoti”: Bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga barchamiz mas’ulmiz!

03.05.2019, 15:12

O‘zLiDeP “Ayollar qanoti”: Bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga barchamiz mas’ulmiz!

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi ayollar bilan ishlash bo‘limi tomonidan “Bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga barchamiz mas’ulmiz!” shiori ostida respublikamizning barcha hududlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahar tibbiyot akademik litseyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, partiya faollari hamda tadbirkor ayollar ishtirok etgan tadbirda mazkur qaror bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ayniqsa yetim bolalarning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma’naviy yetuk avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash borasidagi muhim tarixiy hujjat bo‘lganligi ta’kidlab o‘tildi.

Ta’kidlangidek, ushbu Qarorga ko‘ra “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlash vazifasi qo‘yilgani ham muhim qadamlardan biridir. Unga ko‘ra yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlanishi, bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zo‘ravonliklar turlari hamda uning oldini olishga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan 12 million 200 ming nafardan ziyod bolalar bor. Ammo ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan institut mavjud emas edi. Shu ma’noda, qarorda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimining joriy etilishi ma’qullangani nihoyatda muhimdir.

Bundan tashqari ushbu hujjatda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik” uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko‘ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish huquqi berilishi nazarda tutilgan. Shu bilan bir qatorda bolalarning ro‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat’iy nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi, erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o‘n sakkiz yosh etib belgilab qo‘yilgani ham muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Qarorga ko‘ra bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan da’vogar davlat boji va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinmoqda. Endilikda, 14 yoshga to‘lgan bola o‘zining ta’minoti uchun ota yoki onadan yohud ota-onasi bilan birga yashamayotgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida  ham otadan ham onadan aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir. Bu esa ota-onalarning yana bir bor voyaga yetmagan farzandlar oldidagi mas’uliyatini  oshirishga undaydi.

 Tadbir davomida mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar va bu borada O‘zLiDeP oldida turgan muhim vazifalar haqida ham so‘z yuritildi. O‘zLiDeP aholini barcha qatlamlarini tadbirkorlikka yo‘naltirish bilan bir qatorda,  onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ham o‘z tashabbuskorligini ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa, “Sog‘lom oila-mustahkam oila”, “Farovon oila” kabi loyihalar doirasida erta nikoxlarning oldini olish, qizlarni oilaviy turmushga tayyorlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ibotiga oid o‘tkazilayotgan qator tadbirlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otishi bilan birga, o‘zining ijobiy natijasini ham ko‘rsatmoqda.

Partiyaning barcha hududiy kengashlardagi “Ayollar qanoti” bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirishga astoydil harakat qilmoqda.

Tadbir yakunida ishtirokchilar, bola huquqlari kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash jamiyat manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlagan holda, Davlatimiz rahbarining mazkur qarori mazmun-mohiyatini eng chekka hududlargacha targ‘ib qilish va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalarni ijrosini ta’minlashda barcha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan zaruriy chora-tadbirlar rejasini belgilab oldilar.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1123
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Ж.Кадиров 2019-05-03 18:04:47

Бола ҳуқуқлари кафолатларини тўлақонли таъминлаш жамият манфаатларига хизмат қилади.


Fikringizni qoldiring

+