O‘zLiDeP deputati kam ta’minlangan oila vakillarini bepul operatsiya qilishga ko‘maklashdi

03.05.2019, 15:35

O‘zLiDeP deputati kam ta’minlangan oila vakillarini bepul operatsiya qilishga ko‘maklashdi

Deputat, deganda odamlarning tashvishi bilan yashaydigan jonkuyar, adolatni hamma narsadan ustun qo‘yadigan shaxs ko‘z oldimizga keladi. Deputat tom ma’noda xalq vakili. Shu bois odamlar dardini tinglash, ularning muammolari-yu tashvishlarini hal etish deputatning oliy burchi hisoblanadi.

Buni yaxshi bilgan mahalliy kengash deputatlari ham “Inson manfaati — har narsadan ustun” g‘oyasi asosida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor qabullarda ularning murojaatlarini o‘rganib, muammolarni imkon qadar joyida hal etishga intilmoqda.

21-Qorasuv saylov okrugidan xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashiga deputatlikka saylangan Shoira Djabbarova ham saylovchilar holidan doimiy ravishda xabar olib turibdi. Xalq vakilining tashabbusi bilan hududdagi kam ta’minlangan oilalar ahvoli o‘rganilib, ularni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Masalan, deputat ko‘magida 2017 yilda 5 nafar, 2018 yilda 7 nafar kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oila vakillari “Orion Medicity” MChJda bepul operatsiya qilindi. Tumandagi “Matonat” mahallasida yashovchi ko‘zi ojiz fuqarolar uchun malakali shifokorlar jalb qilinib, tibbiy ko‘rik tashkil etildi, ularga bepul dori-darmonlar tarqatildi.

Shuningdek, har oyda o‘z hisobidan 2 marotaba tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha Xindistonning “Medanta the medicity” tibbiyot klinikasining malakali mutaxassislarini taklif qilib, aholini bepul ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yiliga 3-4 marotaba chegirma aksiyalar o‘tkazdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shifo maskanida oftalmologiya-ko‘z kasalliklari bo‘yicha tashxislash va davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonga tibbiyoti rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan amaliyot va texnologiyalar joriy etilgan. Asosiysi, Sh.Djabbarova rahbarligidagi 50 nafardan ortiq malakali shifokorlar fuqarolar xizmatiga shay.

“Inson manfaatlari, uning haq-huquqlarini himoya qilish aholi salomatligini muhofaza qilish bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois deputatimiz fuqarolarga salomatligini tiklash borasida amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Ehtiyojmand, kam ta’minlangan bemorlarning bepul davolanish­lari uchun shart-sharoitlar yaratib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda”, – deydi “Matonat” mahallasida yashovchi aholi vakillaridan biri.  

 “2018 yilda 160 ming AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, klinikaga zamonaviy asbob-uskunalar olib keldik. Ayni paytda Xindiston va Janubiy Afrika davlatlarining investorlari bilan hamkorlik o‘rnatib, yurtimizda jahon standartlari talabiga javob beradigan mehmonxonalar qurish harakatida yuribmiz. Hatto ushbu loyiha uchun 200 mln. AQSh dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishuv ham  imzoladik”, – deydi  Sh.Djabbarova.

Ta’kidlash kerak, bugun mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha Buxoro shahrida ishlar boshlab yuborilgan. Joriy yilning oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan mehmonxonaning ishga tushishi natijasida 150 ish o‘rni yaratiladi.

 O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    317
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+