Joriy yilda Samarqandda 1 175 fuqaro ishli bo‘ldi

07.05.2019, 16:13

Joriy yilda Samarqandda 1 175 fuqaro  ishli bo‘ldi

Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati Iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Xolmamatovning axboroti eshitildi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida Samarqand viloyat 1-sektor shtablariga biriktirilgan xodimlar tomonidan uyma-uy yurish jarayonida 118,8 ming xonadon o‘rganib chiqilgan. O‘rganish davomida 9 477 fuqarolardan 10 315 muammo kelib tushgan.   

–Hozirga qadar murojaatlarning 8 958 tasi ijobiy hal etildi. Xususan, 191 o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarning uylari ta’mirlab berildi, 804 uy-joyga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy bilan ta’minlandi, – deydi  E.Xolmamatov. – Shuningdek, 2 611 nafar aholi tabiiy gaz va suyultirilgan gaz balloni, 1 175 fuqaro ish bilan ta’minlandi. 1 320 fuqaroga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilib, bepul dori-darmonlar yetkazib berildi.

Yig‘ilishda shuningdek, kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Xudoyorovning hisoboti ham tinglandi.

A.Xudoyorovning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yil hosili uchun viloyatning barcha  tumanlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil qilingan. Shundan, “Marokand Sifat Tekstil” MChJ klaster korxonasiga 9095, Ishtixon tumanidan 8595, Oqdaryo tumanidan 500, “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJ klaster korxonasiga 11038, jami viloyat bo‘yicha 75580 gektar maydonga chigit ekish navlar va sxemalar kesimida rejalashtirilgan.

–Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari bilan fermer xo‘jaliklar o‘rtasida 205 ming tonna paxta xom-ashyosi yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzildi, – deydi A.Xudoyorov. – Paxta-to‘qimachilik klasterlariga biriktirilgan fermer xo‘jaliklarni paxta maydonlarini 2019-2021 yillar davomida bosqichma-bosqich paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Mazkur tizimning ishga tushishi natijasida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 Shuningdek, deputatlik eshituvida viloyatda “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat Dasturlarining ijrosi yuzasidan Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi bosh mutaxassisining axboroti ham eshitildi.

Yig‘ilishda aholi muammolarini o‘rganish va bartaraf etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarli deb topildi.

Yig‘ilish so‘ngida kun tartibidagi masalalar yuzasidan partiya deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

 Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    838
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+