Farg‘ona viloyatida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishga astoydil harakat qilamiz

07.05.2019, 17:25

Farg‘ona viloyatida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishga astoydil harakat qilamiz

Raxmatullo Kamolov, Farg‘ona viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6-7 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbari 2018 yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini sifat jihatidan kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Bu kabi ijobiy ishlar viloyatimiz salohiyatini yanada oshirishga, aholi farovonligini ta’minlashga, hudud iqtisodiyotini yanada yuksalishiga sabab bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yilgi tashriflari davomida ham qator yirik korxonalar, tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Xususan, Qo‘shtepa tumanidagi “Ipak gilamlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Farg‘ona shahridagi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, “Temurbeklar maktabi”, “Listem-Fergana” qo‘shma korxonasi, Farg‘ona tumanidagi «Komiljon ota Mamajonov» fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Viloyatimizda bu kabi amalga oshirilayotgan katta loyihalar, investitsiyalarning kiritilishi, yirik korxonalarning barpo etilishi minglab yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga, aholimiz farovonligini ta’minlashga, nafaqat viloyatimizni balki, O‘zbekiston iqtisodiyotini yuksaltirishga katta xizmat qiladi.

Bu borada partiyamiz deputatlik guruhi a’zolari ham belgilab berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlashda o‘z faolligini ko‘rsatadi.

Ismoiljon Sultonov, Qo‘shtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasi rahbari, O‘zLiDeP faoli:

Prezidentimiz tashrifi doirasida bizning korxonamiz faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, u yerda xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Korxonamizning qoshida 3 ta filiali bo‘lib, bu yerda 200 nafar, jamiyat tarkibidagi 9 ta shunday korxonada jami 2 mingga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ushbu korxonalarda atlas, adras va shoyidan 300 ga yaqin turdagi tayyor mahsulot, 400 dan ortiq nusxadagi ipak gilamlar to‘qilmoqda.

Prezidentimiz ipak gilamlar eskizini tayyorlash va to‘qish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mahsulotlar sifati va xaridorgirligi bilan qiziqdi.

Ipakdan to‘qilgan gilamlarning noyobligi shundaki, yillar o‘tsa ham u xususiyatini yo‘qotmaydi, aksincha, rangi yanada ochilib boradi. Shuning uchun bunday gilamlarning o‘lchami kichik bo‘lsa-da, jahon bozorida juda qimmat.

Davlatimiz rahbari qishloqda xotin-qizlar uchun yangi korxona tashkil etib, jahon standartlariga mos ipak mahsulotlar tayyorlanayotganiga yuksak baho bergani bizni yanada ruhlantirdi. Pillachilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha Farg‘ona tajribasini ommalashtirish, mahallalar huzurida 300-400 kishilik korxonalar, ularning oldida 1-2 gektarlik pillaxonalar ochish kerakligi borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi.

Bundan tashqari ipakdan mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha klasterlar tashkil etish kerakligi, shunda xomashyo yetkazish ham barqaror bo‘lishligi, tannarx ham tushishligini alohida e’tirof etdilar.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bu yerni Farg‘ona turizm yo‘nalishiga kiritish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda uning rastalarini tashkil etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.

Ana shu maqsadda biz yil oxirigacha yana 15 ta to‘quv sexi tashkil etib, ishchilar sonini 4,5 mingtaga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Kelajakda ipak mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirib, uni tashqi bozorga arzon narxlarda yetkazish, xotin-qizlar uchun ish o‘rinlarini ko‘paytirishni o‘z oldimizga katta maqsad qilib olganmiz.  

  • Ko'rildi
    1166
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+