“Sho‘rtangazkimyo” majmuasi qoshidagi BPT 300 fuqaroga kredit olishga ko‘maklashdi

10.05.2019, 15:41

“Sho‘rtangazkimyo” majmuasi qoshidagi BPT  300 fuqaroga kredit olishga ko‘maklashdi

Bugun “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi qoshida 1 ming 700 nafardan ortiq  a’zolarni birlashtirgan O‘zLiDeP boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritadi. O‘tgan davr mobaynida BPT tomonidan amalga oshirilgan siyosiy-tarbiyaviy ishlar ko‘lami nihoyatda keng. Chunki majmuadagi 25 ta sexda ishlayotgan ilg‘or va tashabbuskor yoshlar har jabhada hamkasblariga namuna bo‘lib kelmoqda.                

E’tiborli jihati, ular ishlab chiqarishni takomillashtirish, zamonaviylashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yangi texnologiyalarni joriy etish borasida yangi-yangi takliflar bilan chiqib, ko‘pchilikning ishonchini qozonmoqda. Korxonada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ham quyi bo‘g‘inimiz bosh-qosh.

Partiya faollari ishtirokidagi yig‘ilishlarda esa majmuamiz direktori, xalq vakili Shuhrat Aslanov  oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, uyushmagan yoshlarning bandligini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, joylardagi ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida takliflarini bildirib kelmoqda. BPT ko‘magida o‘nlab tadbirkorlarning muammolari o‘rganilib, ularning barchasi ijobiy hal etildi.  300 ga yaqin fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditlar olib berildi.

Shuningdek, maslakdoshlarimiz ijtimoiy muammolarni hozirjavoblik bilan hal etib, el manfaati yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shyapti. Ishchi-xodimlarning huquqlarini himoyalash, salomatliklarini mus­tahkamlash, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilashda yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda. Bo‘lib o‘tgan yig‘inlarda onalik va bolalikni muhofaza qilish, yoshlarni sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishlari uchun sport to‘garaklarini ko‘paytirish, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida bir qator amaliy takliflar o‘rtaga tashlanib, O‘zLiDeP tuman Kengashiga yuborildi.

Dehqonobod, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahrida partiyamiz dasturiy maqsadlarini keng targ‘ib qilayotganimiz bois saflarimiz kengaymoqda. Partiya faollari o‘zi istiqomat qilayotgan mahalla va qishloqlarda yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan maishiy xizmat sifatini yaxshilash borasida takliflarini bildiryapti. Lalmikor maydonlarda uzumchilik, poliz, beda urug‘i yetishtirish, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanadigan oila­viy tadbirkorlarga mikrokreditlar olishda yaqindan ko‘maklashdi.

Yana bir gap. Hamjihatlik, siyosiy faollik partiyadoshlarimizni yangi-yangi mehnat zafarlari sari undayotir. Yosh mahalliy kadrlarni tajribali mutaxassislarga biriktirib, sohaning yetuk bilimdonlarini tayyorlash  vazifasi ham boshlang‘ich tashkilot zimmasiga yuklatilgan. Yoshlarning bilim va malakasini oshirish uchun dunyoning eng yirik  neft-gaz kompaniyalari va akademiyalariga o‘qish va ish o‘rganishga yuborilyapti.  Bugun korxonamizdagi asosiy ishlab chiqarish sexlariga rahbarlik qilib turgan  bilimdon mahalliy kadrlar O‘zLiDeP faollaridir. Serg‘ayrat jamoamiz a’zolari texnologik jarayonlarni muttasil takomillashtirish va yangilash orqali yaqin yillarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini bundanda oshirishni rejalashtirmoqda.  

Bir so‘z bilan  aytganda, majmuamizda O‘zLiDeP dasturiy maqsadlarida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish borasida qat’iyat bilan ish olib borilayotgani o‘z natijasini beryapti. Faollar aholi bandligi va farovonligini ta’minlash, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, elektorat orasida g‘oyaviy-siyosiy ishlarni yanada jonlantirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda. 

 Shuhrat UVATOV,

“Sho‘rtangazkimyo” 

majmuasi qoshidagi

BPT raisi

 

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    864
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+