O‘zLiDeP kollej bitiruvchilari uchun “PENG – SHENG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga sayohat uyushtirdi

13.05.2019, 16:57

O‘zLiDeP kollej bitiruvchilari uchun “PENG – SHENG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga sayohat uyushtirdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun Sirdaryo tumani 5-Shirin MFY hududida joylashgan “PENG – SHENG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga sayohat uyushtirdi.

Korxona ijrochi direktori G‘ofir Ahmedovning aytishicha, korxonada 6 ta ishlab chiqarish sexlari bo‘lib, ularda asosan kafel, keramika, ayollarning mavsumiy poyabzallari va uy hayvonlari uchun ozuqa mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 60 foizi qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Rossiya va Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.

–Bizga rus, ingliz, xitoy va boshqa tillarni mukammal biladigan yoshlar kerak. Agar orangizda shunday yoshlar bo‘lsa hozirning o‘zidayoq ularni ishga taklif qilamiz,  – deydi G‘.Ahmedov. – Chunki biz doim ana shunday iqtidorli yoshlar ko‘magiga tayanib ishlaymiz. Ayni paytda ham siz tengi yoshlar zamonaviy texnologiyalarni boshqarib, chet el standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda.

Sayohat davomida yoshlar korxonaning ko‘rgazma zalida bo‘lib, ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar va ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan xalq iste’moli tovarlarini ko‘rib yanada hayratlanishdi.

–Haqiqatdan ham korxonada ishlab chiqarilayotgan ayollar poyabzallari, xalq iste’moli tovarlarini ko‘rgan kishining shu mahsulotlarni bizning tengdoshlarimiz ishlab chiqarayotganiga ishongingiz kelmaydi, – deydi Sirdaryo pedagogika kolleji bitiruvchisi Shahrizoda To‘lanboyeva. –To‘g‘risi,  tumanimizda shunday ishbilarmon yoshlar borligidan juda faxrlanib ketdim.

–Shunday qulayliklarga ega korxonada kim ham ishlashni orzu qilmaydi, – deya suhbatga aralashdi Maftuna Raufjonova. – Endi vaqtimizdan unumli foydalanib chet tillarini o‘rganamiz. Bu yerda mehnat qilayotgan ilg‘or ishchi-xizmatchilarning Xitoy davlati bo‘ylab sayohatda bo‘lishlarini eshitib, til bilishga bo‘lgan ishtiyoqimiz yanada ortdi.

Sayohat so‘ngida partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan 10 nafar ishchi-xodim O‘zLiDeP safiga qabul qilindi.

 Dilorom ESONOVA,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    129
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+