O‘zLiDeP fraksiyasining 2019 yil birinchi chorakdagi faoliyati sarhisob qilindi

14.05.2019, 15:40

O‘zLiDeP fraksiyasining 2019 yil birinchi chorakdagi faoliyati sarhisob qilindi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi ommaviy axborot vositalari ishtirokida brifing o‘tkazdi. Unda fraksiyaning 2019 yil birinchi choragidagi faoliyati yuzasidan matbuot va OAV xodimlariga axborot berildi. Qizg‘in va konstruktiv ruhda o‘tgan tadbirda O‘zLiDeP deputatlik korpusining faoliyati tanqidiy-tahliliy jihatdan atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Xalq deputatlari mahalliy kengashlari rolini oshirishga doir vakolatlarni kengaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Unga muvofiq fraksiya a’zolari ish rejasini takomillashtirish bilan birga, deputatlar o‘rtasida hamda joylardagi vakillik organlarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilish, amaliy choralar Dasturini ishlab chiqishga katta e’tibor qaratdi.

Shuningdek, partiyaning deputatlik korpusi oldida turgan eng muhim vazifalar ham belgilab olindi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining 2019 – «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlari «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalarning ijrosi ta’minlab borilmoqda.

O‘tgan davrda O‘zLiDeP fraksiyasi qonun ijodkorligi jarayoniga alohida e’tibor qaratdi, 3 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqildi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar kam). «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida», «Hukumat a’zolarining parlament oldidagi mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» hamda «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonunlar shular qatoridan o‘rin olgan.

O‘zLiDeP siyosiy platformasidan kelib chiqib, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi rahbarligida fraksiya tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida monitoring o‘rnatilgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari bilan tizimli va ta’sirchan parlament nazorati ta’minlanmoqda, amalda bir nechta aniq muammoni chuqur o‘rganish va ularni hal etish, shu orqali fuqarolarning roziligiga erishish bo‘yicha qabul qilingan «Yo‘l xaritasi» ijro etilmoqda.

Xususan, joriy yilning birinchi choragida bir qator vazirliklar va idoralar rahbarlarining axborotlari fraksiyaga biriktirilgan qo‘mitalar hamda fraksiya yig‘ilishlarida muntazam ravishda parlament nazorati doirasida eshitildi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Baxrom Niyozmatov, Investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Sunnatilla Bekenov, Moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod Sultonov hamda Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Atabek Nazirovning, shu bilan bir qatorda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Markaziy bank, Qishloq qurilish invest kompaniyasi va boshqalarning tegishli masalalar bo‘yicha mutasaddilarining axborotlari shular jumlasidandir.

Umuman, mazkur parlament nazorati tadbirlari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar yuqoridagi vazirlik va idoralarga ijro uchun yuborilgan va ularning ijrosi nazoratga olingan.

O‘zLiDeP fraksiyasi tashabbusi bilan har oyda o‘tkazilib borilayotgan «Hukumat soat»lariga eshituv mavzulari kiritilib, Qonunchilik palatasi majlislarida davlat idoralari rahbarlari va vazirlarning axborotlarini eshitib borish amaliyoti keng qo‘llanilmoqda.

Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasining tashabbusi bilan joriy yilning 5 fevral kuni 2019 yilda ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni doirasida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida biznes sub’ektlarini joylashtirish, ularga imtiyoz va preferensiyalar berishni tashkiliy va huquqiy jihatdan tartibga solish haqidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning axboroti eshitildi.

O‘zLiDeP frkatsiyasi a’zolari har oyning oxirgi xaftasida o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarini tashkil etish amaliyotidan samarali foydalanmoqdalar. Aholi blan o‘tkazilayotgan tizimli muloqotlar natijasida hududularda olib borilayotgan ishlarning haqiqiy holatini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish imkonini bermoqda.

Fraksiya a’zolari tomonidan bu davrda hududlarda aholi bilan 850 ta uchrashuv o‘tkazildi, ularda 40 mingga yaqin saylovchi ishtirok etdi. Uchrashuvlar jarayonida, aholining 4738 nafarini tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tashkil etdi. Deputatlar 3362 ta ob’ektga tashrif buyurishdi, bular 2123 ta xonadon, 645 ta ijtimoiy ob’ektlar va 594 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari sirasiga kiradi, fuqarolar qabulxonalarida 3815 nafar fuqaro qabul qilindi.

Aholi tomonidan kelib tushgan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotining turli sohalariga taalluqli jami 2848 ta murojaatning 1194 tasi (42%) joyida hal etilgan bo‘lsa, 1350 ta murojaat deputatlar tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga, 304 tasi bo‘yicha respublikaning tegishli idoralariga yozma ravishda taqdim etildi. Bu sohalar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkichlar uy-joy va kommunal – 15,9%, aholi bandligi – 11,7% sog‘liqni saqlash – 11,2%, shuningdek hal etilgan masalalar bo‘yicha ham uy-joy va kommunal – 24,8%, aholi bandligi – 13,6% va sog‘liqni saqlash – 11,8%ni tashkil etmoqda. Umuman olganda, bu borada deputatlarimiz aniqlangan muammolarni hal etishga ko‘maklashish choralarini ko‘rdilar.

Natijada, joriy yilning o‘tgan davrida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan turli vazirlik, idora va tashkilot rahbarlariga jami 93 ta deputat so‘rovi yuborildi. Bu o‘tgan 2015 va 2016 yillarga nisbatan deyarli 100, 2017 yilga nisbatan salkam 2 va o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p deganidir. Yuborilgan deputat so‘rovlarining 78 tasi (84%)ga tegishli tartibda javoblar olindi. 2017 yilning mos davrida yuborilgan 59 ta deputat so‘rovlarining 46 tasi (78%)ga hamda o‘tgan yilning shu davrida yuborilgan 40 ta deputat so‘rovlarining 30 tasi (75%)ga tegishli tartibda javoblar olingan.

Deputat so‘rovi yuborilgan ayrim vazirliklardan ko‘tarilgan masala yuzasidan ijobiy javoblar olindi, lekin ayrim deputat so‘rovlariga o‘z vaqtida javob berilmagan holatlar ham bo‘ldi. Shu bois, yuborilgan deputat so‘rovlarining ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash borasidagi ishlar fraksiya tomonidan jiddiy nazoratga olindi.

Deputat so‘rovlarining aksariyatiga o‘z vaqtida javob olinmagan yoki javoblar muddatidan kech kelgan, shuningdek javoblarda asoslantirilgan tushuntirishlarni bayon etish o‘rniga, ularda umumiy mazmundagi fikrlarni bildirish hollari ko‘plab kuzatilgan. Shuning uchun fraksiya a’zolarining ushbu institutdan kengroq foydalanish hamda bu borada deputatlarning faolligini yanada oshirishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

Hisobot davrida O‘zLiDeP fraksiyasi qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 64 ta murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi Qonunchilik palatasining vakolat doirasiga kirmaydigan masalalar bo‘lganligi sababali taalluqligi bo‘yicha tegishli davlat organlariga yuborilgan va ijrosi nazoratga olingan.

Shuningdek, fraksiyasi a’zolari tomonidan Qonunchilik palatasining jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish xonasi (fuqarolar qabulxonasi)da jami 51 marta navbatchilik amalga oshirilib, jami 250 dan ziyod fuqaro qabul qilindi. Fuqarolarni qabul qilish jarayonida ular tomonidan sud qarorlari va sud hukmidan noroziligi, tadbirkorlik va fermer xo‘jaligi faoliyatini olib borishda yuzaga kelgan muammolar va shu kabi boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar yuzasidan murojaatlar bo‘ldi, shuningdek ularga xususiy tadbirkorlik va fermerlik sohasidagi faoliyat bo‘yicha huquqiy maslahatlar ham berildi.

Hisobot yig‘ilishimizda faoliyatimiz davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Toir Salimov

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasining ijrochi kotibi

  • Ko'rildi
    805
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+