“Endi Rossiyaga borib ishlashga hojat qolmadi”, deydi mirzaobodlik yosh tadbirkor M.Mamajonova

14.05.2019, 16:14

“Endi Rossiyaga borib ishlashga hojat qolmadi”, deydi mirzaobodlik yosh tadbirkor M.Mamajonova

Mirzaobod tumanida istiqomat qiluvchi Maftuna Mamajonova tadbirli, ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlardan. Chunki u yosh bo‘lishiga qaramay “Mahmud qizi Maftuna orzusi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini boshqarib, faoliyati davomida katta yutuqlarga erishib kelmoqda. 

Dastlab o‘z sarmoyasi hisobiga 20 bosh echki sotib olgan Maftuna chorvachilik xo‘jaligini tashkil qildi. “Agrobank” Mirzaobod tuman filialidan olgan 10 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘ini echkichilikni rivojlantirishga sarfladi. Ikki yarim yil ichida echkilarining soni 235 boshga yetdi. Ta’minotchi orqali echki sotib olgan sinchalakdek qizning o‘zi oz fursat ichida ta’minotchiga aylandi.

–Esimni tanibmanki, ota-onam pul topish ilinjida Rossiya davlatiga ketishardi, – deydi Maftuna. – 2012 yilda men tibbiyot kollejini tamomlab, ota-onam bilan birga Rossiyaning Omsk shahriga ishlagani ketdik. To‘rt yil davomida Rossiyada yashovchi Andrey ota va Natalya xoladan echki boqish sirlarini o‘rgandim. Yurtimizga qaytgach echki boqishga qaror qildim va 20 bosh echki sotib oldim. Keyinchalik “Mahmud qizi Maftuna orzusi” fermer xo‘jaligini tashkil etib, 5 gektar yerning bir qismiga beda ekdik. Qolgan 1 gektar yerga anorzor, yana 1 gektar yerga uzumzor barpo etdik. Endi Rossiyaga borib ishlashimizga hojat ham qolmadi.

Darvoqe, bugun Maftuna nafaqat oila a’zolarini, balki 10 nafardan ortiq hamqishloqlarini ham ish bilan ta’minladi. Joriy yilda 200 boshdan ziyod echki sotib, ushbu mablag‘ hisobiga tikuv dastgohlari sotib oldi. Yangiobod kasb-hunar kollejidan ijaraga xona olib, tikuv sexi ochdi. Hozir kelini Nargiza, kelinoyisi Yorqinoylar bilan birga bolalar va ayollar kiyim-kechaklarini tikmoqda.

–Maftuna doimo izlanishda. Biror yangi ishga qo‘l urmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi, – deydi kelinoyisi Yorqinoy. – U shu yilning yanvar oyida Omskdan tayyor issiqxona olib kelib, uni Yangiobod kasb-hunar kollejining 1,5 sotixlik maydoniga o‘rnatdi. Issiqxonada yetishtirilgan 3 ming tup bodring ko‘chatlari daladagi o‘zlashtirgan yerlariga ekildi. Qolaversa, issiqxonada pomidor, bulg‘or qalampiri va turli noyob gul ko‘chatlari ham yetishtirilyapti.

Ha aytmoqchi, Maftuna yaqinda yana bir serdaromad sohaga qo‘l urdi. Ayni chog‘da uning xo‘jaligida 20 ta tuyaqush parvarishlanmoqda.

Dilorom ESONOVA,

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    1541
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+