Erkin iqtisodiy zonalar mamlakat iqtisodi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

17.05.2019, 16:40

Erkin iqtisodiy zonalar mamlakat iqtisodi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

O‘tgan davrda iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiya qilish, shu orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga erishish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Investorlar huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, umuman barcha jabhalarda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratildi.

Albatta, investitsiyalarni jalb qilishda, invstorlar uchun qulay muhit, shart–sharoit yaratishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumki, 1996 yilda “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun erkin iqtisodiy zonalarning maqomi, tashkil etish tartibi, yuridik shaxslarning huquq va manfaatlari kafolatini, ushbu zonalarda bojxona, valyuta, soliq tartibotlari va boshqa muhim qoidalarni belgilab berdi.

2008 yil 2 dekabrda Navoiy viloyati erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan EIZ faoliyati davomida uning hududida alohida bojxona va soliq rejimlari, O‘zbekiston Respublikasi norezident fuqarolarining uning hududiga kirish, hududda bo‘lish va chiqib ketishning, shuningdek, ular tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyunda qabul qilingan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan EIZ ga qo‘shimcha 81.4 gektar yer maydoni qo‘shib berildi.

Yaqindagina, 2019 yil 15 mayda Prezidentimizning “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, shuningdek, Navoiy viloyati hududida mineral xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni tashkil etishga qaratilgan katta qadam bo‘ldi.

Farmon bilan Navoiy viloyatining hududiy chegaralari ichida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga, hududda mavjud bo‘lgan yoki yengil barpo etiladigan infratuzilmalarda ishlab chiqarishlarni ixcham joylashtirgan holda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi beriladi. Tabiiyki, bunday ishlab chiqaruvchilar erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi uchun belgilangan huquq va imtiyozlaridan foydalanadi.

“Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan Navoiy viloyatidagi korxonalar yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lovidan;

bo‘shab qoladigan mablag‘larni yangi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va texnik, texnologik qayta jihozlash, kengaytirish, ishlab chiqarish binolarini qurish, o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur xom ashyo va materiallar xarid qilishga maqsadli yo‘naltirgan holda o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xom ashyo, materiallar hamda butlovchi buyumlar, mahsulot eksport qilinganda vujudga keladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi qaytarilmasligi huquqi bilan bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari);

respublikada ishlab chiqarilmaydigan hamda belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida olib kiriladigan qurilish materiallari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi.

Mazkur Farmon nafaqat Navoiy viloyatida, balki umuman mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga, ishlab chiqarishni rivojlanishiga, investitsiya muhitini yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

O‘tkir TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi azosi

  • Ko'rildi
    1471
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+