Tallimarjon eng obod go‘shalardan biriga aylanadi

21.05.2019, 15:00

Tallimarjon eng obod go‘shalardan biriga aylanadi

Nishon tumani Tallimarjon shaharchasidagi 2 204 xonadonda 9 ming 506 nafar aholi istiqomat qiladi. Lekin shahardagi “Do‘stlik”, “Tinchlik”, “Obod”, “Obi-hayot” MFYlarini nomiga monand deb bo‘lmaydi.

Mahalliy aholi vakillarining ta’kidlashicha, hududdagi 102 ta uylar 1963-1968 yillarda, 3 ta ko‘p qavatli turar-joylar esa 1985 yilda qurilgan. Shuning uchun ham juda ta’mirtalab holga kelib qolgan. Tom qismi ta’mirlanganidan tashqari, uylardagi boshqa mavjud muammolarni ham hal etish lozim. Jumladan, kanalizatsiya tizimi talab darajasida emas, avtomobil turargohi va bolalar o‘yingohlari esa umuman yo‘q.  

Bu muammolar tegishli tashkilot vakillari, O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda mahalliy kengash deputatlaridan iborat ishchi guruhning hududdagi o‘rganishlari davomida ma’lum bo‘ldi.

Ushbu e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holatlarni ko‘zdan kechirdik. Turar-joylarning holati haqiqatan ham achinarli, abgor holatda. Bu yerda yashayotgan fuqarolarning yashash sharoiti va ijtimoiy ahvoli og‘ir.

 Shahardagi mazkur holatlar va fuqarolar bildirgan e’tirozlar asosida mutasaddilar bilan uchrashdik.

 “Albatta aholi bildirayotgan e’tirozlar o‘rinli. Haqiqatdan ham hududda sharoit og‘ir. Ammo shahar joriy yilgi “Obod qishloq”  dasturiga kiritilgan. Dasturda ichki va markaziy yo‘llari ikkinchi chorakkacha muddatda ta’mirlanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, shaharni “Obod shahar”ga aylantirish ishlari boshlab yuborilgan. Loyihaga ko‘ra, 1 ming 759 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 4-sonli maktabni kapital ta’mirlash, 216 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha yangi bino qurish belgilangan. Qolaversa, 1981 yilda qurilgan 20-sonli va 1986 yilda qurilgan 19-sonli MTMlarini qayta ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan”, – deydi Nishon tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari  Shuxrat Norqobilov.    

O‘rganishimiz davomida “Do‘stlik”, mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bo‘lib, mahalla raisi bilan suhbatlashdik.

“Bugun mahallamizda ish qizg‘in. Tegishli dasturlar asosida mahalladagi muammolarni hal etish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Yo‘llar ta’miri “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan.  Maktab masalasiga kelsak, ayni paytda hududimizdagi maktabda ta’mirlash ishlariga hozirlik ko‘rilmoqda”, – deydi mahalla raisi.

 O‘rganishlar davomida partiya elektorati vakillari bo‘lgan tadbirkor va fermerlar bilan ham muloqot qilindi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi. Fuqarolarga bugun tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda boshlangan yangi bosqichdagi islohotlarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlikdan keladigan davlat hamda xalq manfaatlari xususida batafsil tushunchalar berildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va kreditga talabi bor oila vakillarining biznes loyihalari o‘rganilib, ularga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi.

Tashrif yakunida partiyaga xayrixoh bo‘lgan 200 nafar fuqaro partiya safiga qabul qilindi.

 Arziqul SHEROV,

 O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat

Kengashi apparat rahbari

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    1007
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+