Surxon sohililiklarning muammosi O‘zLiDeP deputatlari nazoratida

21.05.2019, 16:06

Surxon sohililiklarning muammosi O‘zLiDeP deputatlari nazoratida

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon sohili” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda ushbu mahalla fuqarolarini qiynayotgan muammolar tinglanib, ularning yechimi bo‘yicha aniq tadbirlar belgilab olindi.

 — Mahallamizdagi ichki yo‘llar ta’mirtalab holga kelib qolgan. Yo‘lni ta’mirlash masalasida murojaat qildim. Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi xodimi E.Normo‘minov ko‘chani tez kunlarda qayta ta’mirlashga kirishishini aytdi. Xayriyat, partiya tashabbusi bilan tashkil etilgan sayyor qabulda ko‘pchilikni qiynayotgan muammolar yechim topadigan bo‘ldi, — deydi mahalla fuqarosi Xonsuluv Norqobilova.

Sayyor qabulda fuqaro Tursuntosh Muhammadiyeva qazilmay qolgan ariqlar tufayli oqova suv kelmayotgan xonadonlarga suv yo‘lini ochish uchun hashar uyushtirilishini ma’lum qildi.

 — Shunday muammolar borki, ularning ijobiy hal etilishi bir kishi yoki bitta tashkilotga bog‘liq bo‘lmaydi. Balki ko‘pchilikning ko‘magida amalga oshiriladi, — deydi Tursuntosh Muhammadiyeva. — Mahallamizdagi Muqimiy ko‘chasida yashovchi xonadonlarga keladigan oqova suv yo‘li bekilib qolgan. Bekilib qolgan ariqni qazish ishlari esa mahalla oqsoqoli va faollar ishtirokida amalga oshiriladigan ish. Biroq ko‘rib turganingizdek bunga ham partiya faollarining ko‘magi, tashabbusi asqotadigan bo‘ldi. Bunday muloqotlar tez-tez o‘tkazilib tursa, nur ustiga nur bo‘lardi.  

Muloqot davomida tuman Davlat xizmatlari agentligi mutaxassisi M.Norboyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga davlat xizmatlari agentligi ko‘rsatayotgan xizmat turlari va ularning boj to‘lovlari haqida ham ma’lumot berdi.

Ayniqsa, tuman Bandlik markazi vakili B.To‘ramurodovning hozirda markazda 622 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi, ularning 100 tasi o‘rta maxsus, 522 ta ish o‘rni esa oliy ma’lumotli mutaxassislar uchun ekanligi haqidagi ma’lumoti mahallada ish izlab yurgan fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Sayyor qabulda aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni o‘z vaqtida hal qilish borasida tegishli tashkilotlarga vazifalar yuklatildi. Ushbu masalalarni partiya deputatlik guruhlari o‘z nazoratiga oldi.  

 O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    999
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+