Farmon muammoga yuzaki yondashishga chek qo‘yadi

21.05.2019, 17:00

Farmon muammoga yuzaki yondashishga chek qo‘yadi

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu xayrli ishlar zamirida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, odamlarning yaxshi yashashi uchun munosib sharoit yaratish, yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yo‘l-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, inflyatsiya va narxlarni jilovlash kabi maqsadlar mujassam. Tabiiyki bu jarayonni tadbirkorlik sub’ektlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Lekin amaliyotda shu narsa ko‘rinadiki, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va investitsiyalarni jalb etish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida bir qator muammo va to‘siqlar hanuzgacha saqlanib qolmoqda.

Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur farmon tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimini shakllantiradi. Ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalarni to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi. Eng asosiysi tadbirkorlarning muammolari va murojaatlarini hal etishga yuzaki munosabatda bo‘lish holatlarini keskin bartaraf etadi. Endilikda tadbirkorni o‘ylantirayotgan har bir muammo bilan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari shug‘ullanadi.

Yana bir muhim jihati ushbu Qabulxonalar barcha tuman va shaharlarda tashkil etilishi nazarda tutilgan. Ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida tadbirkorlarni hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni o‘tkazish belgilandi. Quvonarlisi, qabulxonalarda tadbirkorlarni, chet ellik investorlarni qabul qilish har kuni amalga oshiriladi. Eng asosiysi, Bosh vazir murojaatlari vakolatli organlar tomonidan hal etilmagan tadbirkorlarni, shu jumladan, chet ellik investorlarni doimiy asosda shaxsan qabul qilishi belgilandi. Yana bir jihati qabulxonalar sektorlar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axborotni har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashi majlislarida muhokama qilish uchun kiritadilar.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Kengash majlislarida axborotlarni eshitishda deputatlardan yanada faol va tashabbuskor bo‘lish talab etiladi. Zero, mamlakatning iqtisodiy taqdiri tadbirkorlik rivoji bilan chambarchas bog‘liq ekan, soha vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda har birimiz birdek masu’lmiz.

Tolibjon Yunusov,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati,

Bag‘dod tumani “Vodiy trade” xususiy korxonasi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    700
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+