O‘zLiDeP deputati aliment pulini undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosiga so‘rov chiqardi

22.05.2019, 15:10

O‘zLiDeP deputati aliment pulini undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosiga so‘rov chiqardi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashiga Samarqand tumani “Qo‘yi Qaynama” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Shohista Rajabova tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda Sh.Rajabova qizi Dildora Rajabovani 2017 yil 1 nafar farzandi bilan turmushdan ajrashgani, hozirda ota uyida yashayotganligini ma’lum qilgan. Shuningdek, u kam ta’minlanganligi tufayli farzandining iqtisodiy ta’minotiga qiynalayotganini bildirib, mahalladan moddiy yordam olishda hamda otasi tomonidan to‘lanmagan aliment pulini undirishda ko‘mak so‘ragan.

Sh.Rajabovaning ma’lum qilishicha, qizining oilasiga darz tushganiga ikki yil bo‘lgan. Pand-nasihatlar kor kelmay o‘rtadagi nikoh bekor qilingan. Keyinroq sud tomonidan otadan bir nafar voyaga yetmagan farzand ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Ammo ota majburiyatini haligacha bajarmagan.

 Fuqaroning murojaati partiya vakillari tomonidan atroflicha o‘rganilgach, bu masala yuzasidan xalq vakili Baxtiyor Xo‘jayorov tomonidan Samarqand viloyat fuqarolarning o‘zini – o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashiga so‘rov yuborildi.

Hayriyat deputatning sa’y-harakatlari, urinishlari zoye ketmadi. Mutasaddilar Shoxista va Dildora Rajabovalarning oilaviy sharoitini o‘rganib, ularga bir martalik moddiy yordam puli va bolaga sovg‘a-salomlar ajratishdi.

–Partiya vakillari va deputatimizga rahmat! Sababi, ularga qilgan murojaatimiz e’tiborsiz qolmadi. Ularning tashabbusi bilan mahallamizdan nabiramga moddiy yordam va turli sovg‘a-salomlar qilishdi. Qolaversa, partiya vakillari aliment pulini undirish bo‘yicha ham ko‘mak berishlarini ma’lum qildilar. Bundan behad xursandman, – deydi Sh.Rajabova.

Ha aytmoqchi, deputat D.Rajabovaning o‘g‘li M.Zokirjonov uchun aliment pulini undirish bo‘yicha ham viloyat Majburiy ijro byurosiga so‘rov chiqargan.  

 O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    114
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+