Tadbirkorlar uchun yangi qabulxona

22.05.2019, 15:15

Tadbirkorlar uchun yangi qabulxona

ularning muammolariga yechim topadi

Mamlakatimizda yaqin ikki yil davomida innovatsion g‘oyalarni keng joriy qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarga qator imtiyoz va erkinlik berish bo‘yicha salmoqli amaliy ishlar qilindi. Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilinishi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibining sezilarli darajada soddalashtirilishi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlari bekor qilinishi, imtiyozli kreditlar ajratilishi tadbirkorlarga ancha yengillik tug‘dirdi. Natijada yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,3 baravarga o‘sdi.

Ammo shunga qaramay, hozirgi vaqtda aholini tadbirkorlik faoliyatiga kengroq va faol jalb etishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar hali ham mavjud.

O‘zLiDePning faol a’zolari orasida tadbirkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Joylarda o‘tkazilgan uchrashuv va sayyor qabullarda esa tadbirkorlarimiz faoliyatida uchrayotgan to‘siqlar yuzasidan ko‘plab murojaat qilishadi. Biz imkon qadar ularning huquqlarini tiklashga, muammolarini ijobiy hal etishga ko‘mak beramiz. Shundan bilamizki, tadbirkor bo‘laman degan fuqaroning yoki o‘z faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lib, qo‘shimcha ish o‘rni yarataman degan kishining ohini hamma ham eshitavermaydi. Bu kabi holatlar esa bugun tadbirkorlarni Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini tashkil etish ehtiyojini tug‘dirdi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 may kuni qabul qilgan «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ko‘pchilik uchun ayni muddao bo‘ldi.

Farmonga binoan endilikda joylarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarining tashkil etilishi, tadbirkorlik sub’ektlari bilan sayyor qabullar o‘tkazish tadbirkorlarning ko‘plab muammolariga yechim topilishiga imkon yaratadi. Ayniqsa, sektorlar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axborot har chorakda Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashi majlislarida muhokama qilish uchun kiritilishi amaliy natijalar sari yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Darvoqe, ushbu jarayonlarning barchasi “business.gov.uz” yagona interaktiv portali orqali umumlashtirilib, monitoring qilib boriladi. Shuningdek, ushbu portal orqali tadbirkorlarning murojaatlari ham elektron tarzda qabul qilinadi.

Eng muhimi, mas’ul tashkilotlar tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan sabablar va sharoitlar hududlar va sohalar kesimida doimiy ravishda tahlil qilib boriladi. Natijada, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida yaxlit tizim shakllantiriladi. Bu tadbirkorga ham, xalqqa ham, davlatga ham foyda keltiradi.

 Alisher RO‘ZIYEV,

O‘zLiDeP Surxondaoyo

viloyat Kengashi raisi

  • Ko'rildi
    434
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Гулсара2019-09-24 02:34:48

Турли Кабулхоналарга караганда Хужалик судлари ва мустакил адвакатуралар фаолиятини яхшилаш, тадбиркорларга хизмат курсатиш шахобчаларининг , Махсус Марказларнинг сонини ошириш, вилоят Хокимиятлари, банкларида адвокатларнинг маслахат кунларини ташкил килиш максадга мувофик. Шундай килинмаса шикоятлар бюрократик машина ичида айланиб, кулдан-кулга утиб юраверади, ноконуний харакатлардан жабр чеккан тадбиркорлар хам ишларини давом килдириш урнига у кабинетдан бунисига югуриб юраверишади.


Fikringizni qoldiring

+