“Yo‘llarning yomonligi tufayli ko‘chamizga taksi ham kelmaydi”

23.05.2019, 15:04

“Yo‘llarning yomonligi tufayli ko‘chamizga taksi ham kelmaydi”

Xalq deputatlari Qo‘shko‘pir tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Xayitboy Ro‘zmetov “Baratlar” mahallasi aholisi bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida 50 nafarga yaqin fuqarolarning murojaati tinglanib, ularning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi.

Murojaatlar asosan, yo‘llarni ta’mirlash, ishga joylashish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurish, mahalladagi 50-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini kapital ta’mirlash hamda kommunal masalalarga oid bo‘ldi.

Masalan, “Registon” ko‘chasida yashovchi aholi vakillari ichki yo‘llarning ta’mirtalab ahvolga kelib qolganidan norozi. Fuqarolarning aytishicha, yomg‘ir yoki qor yog‘ishi bilan mahalla yo‘llari o‘tib bo‘lmas darajaga kelib qoladi. Yozda esa odamlar chang-to‘zon ostida qoladi.

“Yo‘llarning yomonligi tufayli ko‘chamizga taksi ham kelmaydi. Ko‘cha ahvolini ko‘rgan taksi haydovchisi rad qiladi yoki ikki-uch barobar ko‘p yo‘lkira so‘rashadi. Bu masalada tegishli tashkilotlarga ko‘p marotaba murojaat qildik, lekin hech qanday natija bo‘lmadi. Axir o‘zimiz yurishga qiynalayotgan bunday botqoq yo‘lda farzandlarimiz qanday yursin?”, – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.  

Mazkur muammoni atroflicha o‘rgangan xalq vakili bu masala yuzasidan shu kunning o‘zida tegishli tashkilotlarga so‘rov chiqarishini ma’lum qildi.   

Suhbat va muloqotlar chog‘ida shu mahallada yashovchi Sharofat Xusainovaning murojaati deputat e’tiboridan chetda qolmadi.  

 “O‘n yildan buyon tuman gaz ta’minotida faoliyat yuritib kelayotgan edim. Yaqinda rahbarimiz shtat birliklari qisqarganini aytib, meni ishdan bo‘shatdi. Ayni paytda ishsizman. Bir nafar fazandim bor. Avvalgi ish joyimdan oladigan maoshimni kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan turar-joydan olgan kreditimizga to‘lab kelayotgan edim. Endi kredit to‘lashda ham qiynalyapmiz”, – deya murojaat qildi u.

Bu masala bo‘yicha xalq noibi tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi mas’ul xodimi bilan gaplashib, fuqaroni bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirdi va ishga joylashishiga ko‘maklashdi.

Uchrashuvda aholini qiynab kelayotgan muammolarning aksariyati shu kunning o‘zida hal etildi. Uzoq vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlarga so‘rov chiqariladigan bo‘ldi.

 Nilufar DJABBAROVA,

O‘zLiDeP Xorazm

viloyat Kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1033
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+