Mirzaobodlik tajribali fermer yoshlarga mahorat darsi o‘tdi

23.05.2019, 15:16

Mirzaobodlik tajribali fermer yoshlarga  mahorat darsi o‘tdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan Mirzaobod tumanidagi “Mahmud qizi Maftuna” fermer xo‘jaligida mahorat darsi o‘tkazildi. Unda tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan, fermerlikka qiziquvchi 20 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida mazkur fermer xo‘jaligi rahbari Maftuna Mamajonova o‘z ish tajribasi, yerlarni ekin ekishga tayyorlashdan tortib, ularni parvarishlash, o‘z vaqtida sug‘orish, ozuqasini berish jarayonlari haqida ishtirokchilarga so‘zlab berdi.

Maftunaning aytishicha, dastlab Mirzaobod tumanining eng chekka hududi – Mirzo Ulug‘bek xo‘jaligidan 2 gektar yer olgan. Ammo ekin ekish uchun suv yo‘q. Suv bo‘lmasa qilingan barcha harakatlar besamar ketishi tayin. Shu bois dalaga yaqin yerdan oqib o‘tuvchi kanalga 3 ta nasos o‘rnatilib, dalaga suv chiqarilgan. Otasi, onasi va aka-ukalari ko‘magida yerga mineral o‘g‘itlar bergan. Lekin birinchi yil qilingan barcha urinishlar zoye ketgan.

“Echkichilikdan, issiqxonadan, tikuv sexlaridan olgan daromadimizga mashina olib qalbimdagi bulutlar tarqab ketdi. “Yerga haqiqiy mehr bersanggina u seni to‘ydiradi. Demak, biz hali unga yetarlicha mehr bera olmabmiz”, deya yana shahd bilan ishga kirishdik. Aksiga olib haydattirib, ozuqaga to‘ydirgan yerlarimizga anchagacha ekin ekolmay qoldik. Bahorda yoqqan tinimsiz yomg‘ir rejalashtirib qo‘ygan ishlarimizni amalga oshirishda biroz halal berdi. Ammo buning ham yo‘lini topdik. 1 gektar yerga 660 tup anor ko‘chatlari, dalaning chetlariga esa vodiydan olib kelingan eng sara uzum navlarini ekdik”, – deydi yosh fermer.  

Ta’kidlash kerak, fermer qizga berilgan yerning bir qarichi ham bo‘sh emas. Erta bahorda ekilgan navnihol anor ko‘chatlaridagi besh-oltita hosil nishonalarini ko‘rib hayratingiz oshadi. Bodring va pomidor ko‘chatlari ham gullab turibdi. 2 gektar yerdagi bedazor, 200 tup bulg‘or qalampiri, baqlajon, mosh, loviya kabi ekinlar ham go‘yoki fermer qizning mehr taftidan bahra olayotgandek yashnab turibdi.

Uning ta’kidlashicha, ish ko‘lami oshgani sari ishchi kuchiga ham ehtiyoj ortib boraverar ekan. Shu bois Maftuna Rossiyada ishlab yurgan jiyanlarini ham chaqirib olib, ish bilan band qilib qo‘ydi. Kelini Yorqinoy, kelinoyisi Nargiza ham bugun ekkan nihollari atrofini yumshatish, kundalik yumushlarda faol ishtirok etyapti.

      O‘tkir JO‘RAYEV,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    1203
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+