O‘zLiDePga kelib tushgan murojaat deputat hamkorligida hal bo‘ldi

23.05.2019, 15:21

O‘zLiDePga kelib tushgan murojaat deputat hamkorligida  hal bo‘ldi

O‘zLiDeP Farg‘ona shahar Kengashiga “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini “Nodirabegim” ko‘chasida yashovchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi.

Unda aytilishicha, Farg‘ona shahri “Bahor” MFY “Nodirabegim” ko‘chasi 2018 yilgi Davlat dasturiga kiritilib, ushbu ko‘chani ta’mirlash uchun 50 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Lekin oradan bir yil vaqt o‘tsada ta’mirlash ishlari haligacha yakuniga yetkazilmagan.

“Assalomu alaykum! Bizni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan, muammo bor. Bizni ko‘chamizni ta’mirlash ishlari o‘tgan yilgi Davlat dasturiga kiritilgan. Ammo hozirga qadar ko‘chani asfaltlash ishlari qilinmagan. Yog‘ingarchilik bo‘lganda, bu ko‘chada yayov yurib bo‘lmaydi, odam loyga botib qoladi. Yozda quruq kunlarda ko‘chani tuproq changiga chidab bo‘lmaydi. Arz qilmagan joyimiz qolmadi. Tegishli mutasaddilarga  uchrashsak, “sabr qilib turinglar, qilib beramiz” deyishdan nariga o‘tmaydi. Bir yildan beri aldab kelishadi. Sizlardan iltimosimiz shu muammoni hal etishda yordam bersangiz”

Mazkur murojaatni O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi T.Ismailov joyiga borib, o‘rgandi va bu masala yuzasidan Farg‘ona shahar Obodonlashtirish bo‘limiga so‘rov yubordi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay mutasaddilar harakatga tushdi. Masala halmi? Hal. Fuqarolarda e’tiroz bormi? Yo‘q.

“To‘g‘risi, bu muammo yuzasidan shahar hokimligiga va boshqa mutasaddi tashkilotlarga bir necha marotaba chiqdik. Ammo oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu murojaat atroflicha o‘rganilmadi. Barcha ishlar quruq va’dalar bilan “yopdi-yopdi” qilindi. Mana, hal etsa bo‘larkanku! Partiya ko‘magi bilan ko‘chamizga asfalt yotqizildi, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Buning uchun partiyaga vakillari, deputatimizga barcha mahalladoshlarimiz nomidan minnatdorchilik bildiraman”, – deydi “Bahor” mahallasida yashovchi Xojarxon Qurbonova.

Ha, xalqning jonkuyar vakili T.Ismoilov bugun chin ma’noda saylovchilar bildirgan ishonchni oqlamoqda. Deputatning aholi muammolarini joyida hal etgani sababli aholining O‘zLiDePga bo‘lgan ishonchi ortib borayotir.

 O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1278
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+