Mushkulimiz osonlashadi

24.05.2019, 15:20

Mushkulimiz osonlashadi

Chorak asrdan buyon xususiy biznes bilan shug‘ullanib kelayotgan ishbilarmon sifatida aytishim mumkinki, Prezidentimizning “Tadbirkorlik fao­liyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz iqtisodiyotiga qo‘shilgan navbatdagi amaliy hissalardan biridir.

Biznesga qo‘l urgan odam byurokratik to‘siq va o‘tib bo‘lmas g‘ovlarga duch kelishi sir emas. Men bilan ish bosh­lagan do‘stlarimning ko‘pchiligi ana shu qiyinchiliklar girdobida qiynalib o‘z faoliyatini to‘xtatganiga shaxsan guvohman. Tadbirkor  tinimsiz izlanishi, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish haqida o‘ylashi kerak.

Endi tadbirkor o‘zini qiynaydigan dolzarb muammolar, byurokratik to‘siqlarga duch kelsa, o‘nlab idoralarga emas, balki Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga boradi. Qabulxonada tashkil etiladigan muloqot va seminarlarda qatnashib, faoliyatini zamonaviylashtirish yuzasidan chet ellik investorlar bilan ham muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi-yangi loyihalar bilan tanishib, ularni amaliyotga tatbiq etishga harakat qiladi. Har chorakda xalq deputatlari kengashlari majlislarida tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish borasidagi ishlarning tahlil etilishi biz uchun kutilmagan xushxabar bo‘ldi. Ochig‘ini aytaman, deputat sifatida joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan birorta masala mahalliy kengashlar sessiyalarida ko‘rilganligini eslay olmayman. 

Tadbirkorlikka to‘siq bo‘layotgan har qanday muammoni ko‘rib chiqishning yagona tizimi yaratilishi, shubhasiz murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganish, tahlil etish va ijobiy hal etishni tezlashtiradi. Hokimiyat organlari vazifasini muvofiqlashtirishning bunday ta’sirchan mexanizmi tadbirkorning qimmatli vaqtini o‘z biznesini rivojlantirish yo‘lida sarflashiga yaqindan yordam beradi. Zero, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish yo‘lida tadbirkorlarning erkin faoliyat olib borishi uchun ko‘maklashish, qonuniy talablarini aniqlash va ijobiy hal etishni nazoratga olish juda muhim.

Jamiyatimizda tomat pastasi, marinadlangan karam, pomidor va bodring mahsulotlari ham tayyorlanadi. Yillar davomida mahsulot turi va sifati oshib bormoqda. Zamonaviy ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish maqsadida bir qator xorij mamlakatlarida bo‘lib, tajriba o‘rganib qaytdik. Tayyor mahsulotlarimizni eksportga chiqarish yuzasidan izlanyapmiz. Endilikda olma mahsulotlarini sovutkichda saqlab, istalgan paytda bozorga chiqarish imkoniga egamiz. 160 gektar uzumzor va 10 gektar olmazor bog‘imiz bor. 

Kelgusida qurilish materiallari, uzum va olma mahsulotlarini tashish uchun plastmassa qutilar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, shu orqali yana 25 nafar yoshni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.

Alisher BOYQARAYEV,

Kitob tumanidagi

“Sevaz-Androniks” jamiyati

rahbari, Xalq deputatlari

Qashqadaryo viloyat

Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    999
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+