Tadbirkor xotin-qizlar ko‘paysa...

24.05.2019, 15:31

Tadbirkor xotin-qizlar ko‘paysa...

oilalar tinch, jamiyat mustahkam bo‘ladi

Hayotni, tiriklikni va, qo‘yingki, jamiyatni ayolsiz tasavvur etib bo‘ladimi? Ayol go‘zal bo‘lsa – olam go‘zal, ayol baxtli bo‘lsa – oila, butun jamiyat baxtli bo‘ladi, degan hikmatnamo qarash ongu shuurimizga chuqur singib, hayotiy falsafamizga aylanib bo‘ldi. Bugungi kun ayoli yangicha fikrlab, mamlakat ravnaqidagi o‘rnini his etgan holda zamonga xos va mos tarzda yashab, ishlab, farzand­larning ma’naviy kamolotga erishuviga munosib hissa qo‘shmoqda. Vatanga, ota-onaga sodiqlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat kabi yuksak insoniy fazilatlarni ma’naviyatli ayolgina farzand qalbiga singdira oladi. Oila, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilik tomonidan beriladigan ta’lim-tarbiya zamirida esa ana shu ezgu tuyg‘ular mujassamdir. 

Ayollarning tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish, barkamol avlodni tarbiyalashdagi rolini yanada kuchaytirish bugungi kunda davlatimiz siyosatining ustuvor yunalishlaridan biriga aylandi. Partiyamizning ayollarning siyosiy faolligini, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish  bo‘limi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohangligi bilan diqqatga sazovordir. Deputatlar va partiya faollari ko‘magida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, hayoti va mehnat faoliyatidagi to‘siq hamda g‘ovlarni olib tashlashga ko‘maklashish, jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida izchillik bilan ish olib bormoqdamiz. 

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” faoli sifatida viloyat aholisi o‘rtasida olib borilayotgan g‘oyaviy-siyosiy ishlarda qatnashib, dasturiy maqsadlarimizni keng targ‘ibot qilish barobarida xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash,   ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasida amaliy taklif va mulohazalarimni bildirib kelyapman. Bugun vohamizda 3219,4 ming kishi istiqomat qiladi. Ularning 1600,1 nafari yoki 49,7 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Shundan 30 mingga yaqini safdoshlarimiz hisoblanadi. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlarimiz katta samara berayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Misol uchun, ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan 6857 nafar xotin-qizning turmush sharoitini chuqur o‘rganib, muloqotlar jarayonida qobiliyat va imkoniyatlarini ham ko‘zdan kechirdik. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida ularning 3181 nafari ishga joylashtirilib, 454 nafari kasbga qayta o‘qitildi. 1985 nafar ayol esa  jamoat ishlariga jalb etilgan.

Xotin-qizlar bandligini ta’minlashda partiyamiz tomonidan o‘tkazilayotgan loyihalar yaqindan yordam beryapti. “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida xotin-qizlarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishga o‘rgatish, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyatiga keng jalb qilish, tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish borasida amaliy ishlar bajarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni  ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyati aholi, xususan, xotin-qizlar o‘rtasida keng targ‘ib qilindi. Vohaning chekka hududlaridagi xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokini faollashtirish, xonadonma-xonadon  yurib, tadbirkorlik boshlamoqchi bo‘lganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oilaviy biznesning mahalliy va xorijiy tajribasini o‘rgatishga katta e’tibor qaratilyapti. O‘quv-seminarlari, mahorat darslari, tanlov, oilaviy tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulot va xizmatlar ko‘rgazma savdolari tashkil etilib, ilg‘or tadbirkor, fermer xotin-qizlarning ish tajribasi ommalashtirilyapti. Natijada bandlik oshib, oilalarning barqaror hayoti ta’minlanmoqda. 2019-2021 yillarda vohamizning Yakkabog‘, Kitob, Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi va Shahrisabz tumanlari aholi zich yashaydigan qishloqlaridagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 25 ta tikuv-trikotaj majmuasi barpo etiladi va 1200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu yerda mehnat qiladigan ayollar va qizlarni qayta kasbga o‘rgatish bosh­lab yuborildi. Deputatlar va faollarimiz ishtirokida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 2100 nafar xotin-qizning holidan muntazam xabar olib, ularni qiynab kelayotgan muammolarning maqbul yechimlarini topishga intilyapmiz.  Manzilli yordam ko‘rsatish natijasida ularning 289 nafari ishli bo‘ldi.

Prezidentimiz ishtirokida shu yil 19 martda o‘tkazilgan “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida”gi videoselektor majlisida ta’kidlab o‘tilgan ustuvor vazifalarni bajarish yuzasidan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilayotgan uchrashuv va yig‘ilishlarda talabalarni ko‘proq amaliy mashg‘ulotlarga jalb etish, bilim va taj­ribalarini oshirishga ko‘maklashish, moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash orqali iste’dodlarini namoyon etishlariga erishish, kasb-hunar kollejlari  bitiruvchilarini, ayniqsa, qizlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, unutilib ketayotgan zardo‘zlik, hunarmandlik kasblarini yanada rivojlantirish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan xizmatni yangi sifat darajasiga ko‘tarish zarurligi xususidagi fikrlarim ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.   

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “O‘zLiDeP boshlang‘ich partiya tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan ezgu g‘oyalarning bardavomligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Tomorqachilikni rivoj­lantirish va issiqxona xo‘jaligi tashkil etish maqsadida “Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi” mablag‘lari hisobidan to‘rt oyda 63 xotin-qizga 1 milliard 402 million so‘m kredit berilgan. O‘tgan muddatda  64 xonadonga 687 million so‘mlik  kredit ajratilib, issiqxona tashkil etilganidan so‘ng 150 nafar ishsiz opa-singillarimiz jamiyatning faol a’zosiga aylandilar.

O‘zLiDeP deputatlari va faollari  ko‘magida viloyatda xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish ishiga bosh-qosh bo‘lmoqda. Yuzlab xotin-qizlar tikuvchilik, iroqi kashtachilik, zardo‘zlik, qandolatchilik bilan shug‘ullanib, o‘zlari uchun daromad manbai yaratayotgani buning amaliy natijasidir. Viloyatning shaharu qishloqlarida xotin-qizlarning tadbirkorlik va fermerlikka qiziqadigan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlari, qator loyihalar iqtidorli va izlanuvchan tadbirkor ayollarni kashf etmoqda.  Xotin-qizlarimiz  faqat farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasdan, balki iqtisodiyotimizni yuksaltirish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotganliklari quvonarlidir.

Ismigul XUShMURODOVA,

Qarshi davlat universiteti qoshidagi

2-akademik litsey direktori,

O‘zLiDeP a’zosi

 

  • Ko'rildi
    395
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+