Respublika ishchi guruhi Qashqadaryoda

27.05.2019, 09:50

Respublika ishchi guruhi Qashqadaryoda

Bugun yerga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Bir qarich yerdan ham unumli foydalanib, yaxshigina daromad qilib, ro‘zg‘orini farovon, dasturxonini to‘kin qilayotgan vatandoshlarimiz faoliyati bunga yaqqol misol. Tomorqa xazina deb bejiz aytilmagan. Bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish, ayniqsa, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalariga, boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar ekish ahvolini o‘rganish, aniqlangan muammolarni joyida bartaraf etish maqsadida Respublika ishchi guruhi tashkil qilingan.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, bir qator vazirliklar va mutasaddi tashkilot vakillari, hokimliklardan tashkil topgan ishchi guruhi Qashqadaryoda bo‘lib, dehqon xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida uyma-uy yurib, tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda. Ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda.

Ishchi guruhi Qarshi tumanida bo‘lib, ertachi ekinlardan bo‘shagan yerlarga takroriy ekinlar ekish, ekilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini oziqlantirish uchun mineral o‘g‘itlar hamda zararkunandalarga qarshi kimyoviy preparatlar yetkazib berilishi, mahsulotlarni ichki bozor va eksportga chiqarilishi bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi.

Masalan, Qarshi tumanidagi Tallikuron qishlog‘ilik dehqonlar ko‘kat, bodring, pomidor, bo‘lg‘or qalampiri yetishtirishni hadisini olishgan. Ayniqsa, ushbu qishloqda yetishtirilayotgan ziravorlar Qarshi shahridagi dehqon bozorlarini katta qismini ta’minlab turadi.

Ushbu qishloq ko‘chalari atrofidagi aholi tomorqalarida ekilgan rayxon ko‘chatlari har bir kishining e’tiborini jalb qilmasdan qolmaydi. Rayxonning ufirib turgan hidlari odamga o‘zgacha zavq bag‘ishlamoqda.

Ishchi guruh a’zolari shu qishloqlik Quvonch Ro‘ziyev xonadonida  bo‘lishib, dehqonchilikdagi tajribalari bilan tanishdi.

- Hukumatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, imtiyozli foizlar asosida kredit olib, 9,5 sotix yerda issiqxona tashkil qildik, - deydi Quvonch Ro‘ziyev. – Shundan 6 sotixiga jepsi navli bulg‘or qalampiri ekkandik. Bozorga chiqarganimizga mana 20 kundan oshdi. Bundan tashqari 3,5 sotixga ekkan bodringni ham sotyapmiz. Shukrki daromadi yomonmas. Qilingan foydadan qurilishlar qilyapmiz. Nasib etsa, bu yil issiqxonamizga isitish sistemasini ham o‘rnatishni mo‘ljallayapmiz. Agar bu ishni amalga oshirsak, mahsulotlarimizni yana dekabr oyiga qadar bozorlarga sotishimiz mumkin.

Aytish joizki, ushbu qishloqda qaysi bir xonadonga kirmang, mo‘jazgina tomorqasini gullatib, yashnatib qo‘yibdi. Lekin yutuqlar bilan birga dehqonlarni qiynayotgan kamchiliklar ham bor. Masalan, shu qishloqlik Yuldosh Po‘latov qo‘li gul dehqonlardan. 8 sotix tomorqasida kartoshka, sholg‘om va har xil ko‘katlar yetishtiradi. Shuni ortidan ro‘zg‘or tebratadi. Lekin dehqonni har yili meneral o‘g‘itlar bilan bog‘liq muammo juda qiynaydi.

- Erta bahorda sholg‘om, kartoshka, ko‘katlar ekamiz, - deydi Yu.Po‘latov. – Masalan sholg‘omning urug‘ini yer parnik qilib, fevral oyining boshida yerga qadaymiz. Barqaror o‘sib-ulg‘ayish davrida unga azotli o‘g‘itlar juda zarur bo‘ladi. Ammo hech qayerdan topa olmaymiz. Mutasaddilardan so‘rasak, bunday o‘g‘itlar sotilmaydi, deyishdan boshqaga o‘tishmaydi. Hududimizda tashkil qilingan meneral o‘g‘itlar shahobchasi ham kattalar kelganda ochiladi, ketishi bilan yopiladi. Mana hozir sholg‘omlarimiz yetildi, lekin bozorda arzon. Agar o‘g‘itini vaqtida berganimda bundan 20-25 kun oldin tayyor bo‘lardi va yaxshigina daromad qilardim.

Ishchi guruhi tomonidan bu muammo joyida o‘rganilib, ijrosini ta’minlash maqsadida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.  

Shuningdek mahallada yashovchi Parizod Omonova kam ta’minlangan fuqarolardan. 12 sotix dala hovlisi bor. U yerga erta bahorda ko‘kat ekilgan. Ammo hozirda qarovsiz yotibdi. O‘g‘li harbiy xizmatga ketganligi bois yordamchisi yo‘q. Ishchi guruh a’zolari xonadon ahvolini o‘rganib, Parizod Omonovaga yordam qo‘lini cho‘zdi. Qishloq xo‘jalik texnikalari chaqirtirilib, dala hovli yerlari ag‘darib berildi.

Ishchi guruh a’zolari hududni o‘rganishda davom etmoqda.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1246
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+