Tomorqadan olingan daromad oila budjetiga foyda

29.05.2019, 09:51

Tomorqadan olingan daromad oila budjetiga foyda

Avval xabar berganimizdek, bir qator vazirliklar va mutasaddi tashkilot vakillaridan tashkil topgan respublika ishchi guruhi Qashqadaryoda bo‘lib, dehqon xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida uyma-uy yurib, tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda. Ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, bir qator vazirliklar va mutasaddi tashkilot vakillari, hokimliklardan tashkil topgan ishchi guruhi viloyatning barcha tumanlarida bo‘lgani kabi Chiroqchi tumani aholi tomorqalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Chiroqchi tumanidagi Olmazor mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 596 xo‘jalik, 9 mingga yaqin aholi yashaydi. Hududda oqova suv tanqis, lekin qalovini topsang qor ham yonadi, deganlaridik hudud ahli yer osti sizot suvlaridan foydalanib bo‘lsada tomorqasini yashnatib qo‘yibdi. Masalan ayni paytda mahalladagi xonadonlarda 55 ta issiqxona mavjud bo‘lsa, shundan 38 tasi joriy yilda imtiyozli kreditlar asosida barpo qilingan. Mahallada yashovchi Xolbo‘ta Norliyev ham mana shunday imkoniyatlardan foydalanib, o‘tgan yili 2 sotixlik issiqxona qurdi. Ichiga 30 tub limon ko‘chatini o‘tqazdi. Joriy yilda ko‘chatlar nishona hosilni ko‘rsatdi.

- Bekordan xudo bezor, bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha tomorqamda ishlayman, - deydi X.Norliyev. – Tomorqamizda 30 sotix yer maydoni bor. u yerning yarmini mo‘jazgina bog‘ qilganmiz. Hamma mevadan ekkanmiz. Pishiqchilik boshlanishi bilan nabiralar tagidan chiqmaydi. Qolgani pomidor, bodring, ertagi handalak ekkanmiz. Erta bahorda ekilgan sabzini yig‘ishtirib bozorga sotdik. Xullas tomorqamizda bo‘sh turgan joy yo‘q. Mahsulotlarning ortganini bozorga sotamiz. Daromadi ro‘zg‘or obodligi uchun xizmat qiladi.

Ishchi guruh a’zolari shu mahallada istiqomad qilayotgan yolg‘iz ona Fotima Meyliyeva xonadonida ham bo‘lishdi. Aytish joizki Fotima opaning 4 farzandi bilan tomorqasida amalga oshirayotgan ishlari tahsinga loyiq. Hovlida bo‘sh joyni ko‘rmaysiz. Hamma ekinlar tartib bilan ekilgan. U yerda kartoshka, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiridan tortib ko‘katlargacha topish mumkin. Shig‘il hosil solgan 30 tup anor va qariyb 1,5 sotix maydonni egallagan bitta yong‘oq daraxtidan olinadigan hosil oila budjetiga yaxshigina daromad keltirmoqda.   

- Turmush o‘rtog‘im vafot etganiga 20 yildan oshdi. Shu-shu ro‘zg‘or tashvishi yelkamda, - deydi F.Meyliyeva. – Halol mehnat qilib, farzandlarimni ulg‘aytirdim. Erta bahordan bolalarim bilan yerga yopishamiz. Sabzi, sholg‘om, zelin ekamiz. Bozorga chiqarib sotamiz. Daromadi ro‘zg‘or obodligi uchun. Shuning ortidan to‘y qilib, qizimni turmushga berdim. Chorva mollari sotib oldim. Baraka topishsin mahalla faollari ham ko‘mak berib turishdi. O‘zimizni tiklab oldik. Endi men kam ta’minlangan emasman. Nasib etsa, bu yil 2 sotixlik issiqxona qurishni ham rejalashtiryapman.

Tumanda tashkil etilgan “O‘simliklar klinikasi va tomorqa xizmatlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham tomorqa xo‘jaliklariga yaqindan yordam berayotgani qishloq xo‘jalik ekinlarini barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Olmazor mahallasida yashovchi Ismatulla Halilov 4 sotixlik issiqxonasida 30 tup limon yetishtirmoqda. Bir necha yillardan buyon yaxshi hosil berib kelayotgan limonlar joriy yilda barcha gullarini tashlab yuborgan. Barglari sarg‘ayib, kasallikka chalingan. Shu kuni jamiyat agranomlari tomorqachiga yaqindan yordam qilib, o‘z tavsiyalarini berdi. Daraxtlarda yerda namlik yuqoriligi sabab tomir chirish hodisasi yuz bergani aniqlandi. Kerakli priparatlar yordamida dorilash ishlari olib borildi.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, ushbu mahallada ham suvni tanqisligini bahona qilib, hayhotdik hovliga beda ekib qo‘yganlar ham talaygina. Hamma gap harakatda, intilishda. Bahonalar istalgancha topiladi, agarda insonning o‘zida xohish bo‘lmasa.

 Keyingi manzil Yakkabog‘ tumanidagi Mevazor mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Mevazorliklar keyingi yillarda tomorqachilikda yaxshigina tajriba orttirishmoqda. Aslida tomorqadan samarali foydalanishdan maqsad nima, birinchidan, tomorqada ro‘zg‘or uchun zarur ekinlar, mevali daraxtlar bo‘lsa, oila budjetiga foyda. O‘sha mahsulotlar bozordan sotib olinmaydi. Ikkinchidan, ortiqcha mahsulotlar bozorga chiqarilsa, arzonchilik bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan mevazorliklar ham kichikkina tomorqasini ham yashnatib, farovon hayot kechiryapti. Masalan, mahalladagi namunali loyihalar asosida qurilgan hovlilardan birida yashovchi Azamat Meyliyev ichki ishlar tizimida ancha yillar faoliyat yuritgan. Hozir nafaqada. Uy hovlisi bor yo‘g‘i 4 sotix, lekin u yerda mevali daraxtlar va poliz ekinlarining tur-turi bilan topish mumkin.

- Nafaqaga chiqqanimdan so‘ng, doim davlat ishida yurganim uchunmi, juda zerika boshladim, - deydi O‘.Meyliyev. – O‘zimga hayolan ermak qidirardim. Qarasam tomorqam bo‘sh. Bor mehrimni yerga berdim. Natijasi shu bo‘ldi. Sabzi, sholg‘om, kartoshka, sarimsoq piyoz va turli xil gul ko‘chatlari ekdim. 30 tub tok o‘tqazdim. Xo‘rmo va boshqa mevali daraxtlar ko‘chatlarini qadadim. Qarabsizki hovlimiz gulzorga aylandi. Shahardan nabiralarim kelsa, ketgisi kelmaydi. Erta tongda turib, tomorqamda ishlab dam olaman, bahri dilim ochilib charchog‘im chiqadi.

Ishchi guruhi a’zolari G‘uzor tumanida ham bo‘lishdi. Tumandagi Batosh mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tuman hokimligi va boshqa sohaga aloqador mutasaddilar ishtirokida tomoqachilikda yaxshigina tajribaga ega dehqonlar faoliyati misolida seminar tashkil etildi. Aholiga mutaxassislar ishtirokida issiqxonalarda ekin ekish, uni yetishtirish agrotexnikasi xususida tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Ushbu mahalladagi To‘ra Daminov ancha yildan buyon og‘ir xastalikdan qiynaladi. Jismoniy mehnatga imkoniyati yo‘qligi bois oilaviy sharoiti og‘irlashib qolgan. Tuman hokimligi, tuman fermerlar kengashi va mahalla ko‘magi bilan imtiyozli narxlarda 1 sotixlik issiqxona qurib berildi. Shuningdek, 20 dona tovuq ham taqdim qilindi. Bu imkoniyatdan foydalanib, endilikda mazkur oila o‘z iqtisodini tiklab oladi.

Ma’lumki, G‘uzor tumani hududi soylik va lalmi yerlardan tashkil topgani bois oqova suv muammo. Shu bois ba’zi hududlarda tomorqalarda dehqonchilik qilishning imkoni yo‘q.

- Bu muammoning oldini olish uchun tumanimizdagi 12 ta suv tanqis bo‘lgan mahallaga 12 ta artizian quduqlari o‘rnatib berdik, - deydi G‘uzor tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Bo‘riyev. – Shuningdek joriy yilda 860 ta kam ta’minlangan oilaga 5 milliard so‘mdan ziyod har xil maqsadlar uchun kredit mablag‘i ajratdik. Bundan tashqari ularning har biriga fermer xo‘jaliklarining g‘alladan bo‘shagan maydonlaridan takroriy ekin ekishlari uchun 1 gektardan yer ajratish rejalashtirilgan. Beriladigan yer haydatilib, ekinlarning urug‘i, o‘g‘iti va suvigacha yetkazib beriladi. Maqsad ularni iqtisodiyotini tiklash orqali, kam ta’minlangan fuqarolar safidan chiqarish.

Ishchi guruh a’zolari shu tariqa guruhlarga bo‘lingan holda viloyatning barcha tumanlaridagi aholi tomorqalarini o‘rganib chiqishdi. Mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. O‘rganilgan barcha masalalar nazoratga olinishi ta’kidlandi.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1352
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+