Poytaxtimizda “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz – yoshlar!” shiori ostida forum o‘tkazildi

29.05.2019, 10:20

Poytaxtimizda “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz – yoshlar!” shiori ostida forum o‘tkazildi

OʻzLiDeP Toshkent shahar Kengashi yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz – yoshlar!” shiori ostida “Yoshlar bandligini ta’minlash eng muhim vazifamiz” mavzusida yoshlar forumi o‘tkazildi.

Forumda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Toshkent shahar Kengashi mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi vakillari, uyushmagan yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Forum davomida mamlakatimizda yoshlarga oid olib borilayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ma’ruzalarda yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash masalalariga alohida urg‘u berildi.

Forum ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash  deputatlari, partiya mas’ullari ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus xususida so‘z yuritildi. Endilikda ushbu tajribani yurtimizning barcha hududlarida keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

OʻzLiDeP Toshkent shahar Kengashi yoshlar bilan ishlash bo‘lim mudiri Sarvarxon Ibroximxonovning ma’lum qilishicha, mazkur forum uyushmagan yoshlarni mehnat yarmarkasiga keng jalb qilish, yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Shuningdek, forum doirasida uyushmagan yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirish, o‘z biznesini tashkil etish uchun iqtisodiy va huquqiy sharoit yaratish, ularning mamlakatimiz kelajagi yo‘lidagi intilishi, izlanishlari, jamoat ishlaridagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratishdir.

“Yoshlar forumida qatnashgan borki, poytaxtlik iqtidorli yoshlar yaratgan ixtirolarni ko‘rib, kelajak haqidagi tasavvurlari yanada boyidi. Ayniqsa, ularning ixtirochilari o‘zimizning yoshlar ekani barchaning ko‘ksini g‘ururga to‘ldirdi. Forum doirasida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida esa  Toshkent shahridagi 60 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti 500 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Yarmarka davomida 250 nafar uyushmagan yoshlar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilariga yo‘llanma berildi”, – deydi  S.Ibroximxonov.

Forum davomida ishtirokchilar mamlakatimizda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. 

Murod O‘RINOV,

O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi

matbuot kotibi  

  • Ko'rildi
    1399
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+