Korrupsiyaga qarshi kurashish

30.05.2019, 15:41

Korrupsiyaga qarshi kurashish

Bu borada partiyaning vazifalari nimalardan iborat?

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda og‘ishmay amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy hamda sotsial-iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, 2016 yilning oktabr oyida davlatimiz rahbari O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdidagi saylovoldi ma’ruzasida O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar orasida aynan davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotan korrupsiya muammosiga barchamizning e’tiborimizni qaratgandi. Aynan shu davrdan boshlab mamlakatimizda bu salbiy illat bilan murosasiz kurashish borasida bir qator qadamlar qo‘yildi.

Darhaqiqat, ko‘p vaqt o‘tmay, ya’ni 2016 yilning noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun hujjatining samaradorligini ta’minlash maqsadida “Korrupsiya­ga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori ham e’lon qilindi.

Kuni kecha e’lon qilingan farmon ana shu ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yaratilgan tizimni yanada takomillashtirish masalasi qo‘yilgan, hal etish mexanizmlari ham ochib berilgan. Ushbu farmonning aynan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat das­turi doirasida e’lon qilinishi diqqatga sazovordir. Iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiya­ga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taqozo etadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlatning vazifasi, balkim jamiyat ham mazkur jarayonda faol ishtirok etishi lozim. Shuning uchun ham farmonda aynan partiya­larning bu boradagi rolini kuchaytirish alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Darhaqiqat, partiyamizning saylovoldi dasturida korrupsiya va uning har qanday ko‘rinishi bilan murosasiz kurash olib borishga alohida urg‘u berilgan. Mamlakatda mazkur illatga barham berilmas ekan, iqtisodiyotni rivojlantirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, chet el investitsiyalarini jalb etish hamda o‘rta sinfni shakllantirish nihoyatda og‘ir kechadi.

Partiyamiz va Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz mazkur farmondan kelib chiqadigan vazifalarni ijrosini ta’minlash hamda bu borada tegishli nazoratni amalga oshirish yuzasidan quyidagi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

  1. Davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishlab chiqiladigan tegishli qarorlarni tayyorlashda elektorat manfaatini himoya qilgan holda ishtirok etish;
  2. “Davlat xaridlari to‘g‘risida” hamda “Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini ta’minlashda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar monitoringini o‘tkazish va lozim bo‘lsa parlament eshituvi darajasida mazkur masalalarni o‘rganish;
  3. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun doirasida tadbirkorlik sub’ekt­larining manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvlarini tashkil etishga ko‘maklashish;
  4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari tarkibiga tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarini kiritish choralarini ko‘rish;
  5. Yilning har choragida tadbirkorlik sub’ektlaridan kelib tushadigan korrupsiya bilan bog‘liq murojaatlar tahlilini o‘tkazish va tegishli choralar ko‘rish;
  6. Yosh tadbirkorlar ishtirokida “Men korrupsiyaga qarshiman” shiori ostida seminar, davra suhbati va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish.

Fikrimizcha, ana shunday chora-tadbirlar rejasini partiyamizning viloyat, tuman va shahar tashkilotlari joylardagi mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari bilan hamkorlikda tashkil etsa, yanada samarali bo‘ladi.

Shuhrat BAFOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi O‘zLiDeP

fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1939
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+