Yer uchastkalarini xususiylashtirish asosi yaratildi

30.05.2019, 15:56

Yer uchastkalarini  xususiylashtirish  asosi yaratildi

Milliy qonunchiligimizda davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq munosabatlar mamlakat Konstitutsiyasi, Yer, Uy-joy, Fuqarolik, Shaharsozlik va Soliq kodekslari, “O‘zbekiston Res­publikasida mulkchilik to‘g‘risida”, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi singari qator qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Lekin bugungi kungacha ishlab chiqarish ob’ektlari joylashgan hamda yuridik shaxslarga tegish­li bo‘lgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish mexanizmi mavjud emasdi. Jumladan, korxona egasi bilan yer uchastkalarini muddatsiz foydalanishga berish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalar istalgan vaqtda mahalliy hokimiyat tomonidan bekor qilinmasligining kafolati yo‘q edi. Bu, o‘z navbatida, mazkur yer uchastkasida katta hajmdagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga to‘siq bo‘lardi.

Prezidentimizning 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yuqorida ko‘rsatilgan masalaning tom ma’noda yechimi bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Mazkur hujjat bilan joriy yilning 1 iyuli­dan boshlab yuridik shaxslarga – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqini berish tartibi belgilandi.

Farmon talablari asosida xususiy mulkni rivojlantirish va ulardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik sub’ektlariga keng investitsion imkoniyatlarni ochish maqsadida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Ushbu qonun bilan bo‘sh yer uchastkasi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasi tushunchasi qonunchilik bilan mus­tahkamlandi, yer uchastkalarini xususiylashtirish prinsiplari o‘rnatildi. Shuningdek, O‘zbekis­ton Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning yer uchastkalari hududida ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini, urbanizatsiyani rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati yaratildi.

Shuning bilan birga hududida ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish maqsadida jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida sotib olishga yo‘l ochildi. Ushbu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov miqdori yer uchastkasi xususiylashtirilgan kun uchun yer solig‘ining yillik stavkasi miqdorida belgilandi.

Qonunda o‘z aksini topgan normalar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekis­ton Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida belgilangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivoj­lantirish, shaxsiy tashabbus­larni amalga oshirish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish borasidagi vazifalarning bajarilishiga zamin yaratadi. Partiya faollarining fikricha, mulk – bu erkinlikning eng muhim kafolati, insonning boshqa barcha huquqlarining manbai, fuqarolar himoyalanganining asosi hisoblanadi. Shu bois O‘zLiDeP o‘zining kundalik va parlament faoliyatida xususiy mulkning daxlsizligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilni amalda qo‘llash, iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish, xususiy mulk huquqini mustahkamlash, uni ishonchli himoya qilish tizimini yaratish uchun harakat qiladi. Partiyamiz a’zolari yurtimizda biznes yuritish bilan bog‘liq barcha tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, arzonlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlashga qaratilgan normalarning qonun hujjatlarida o‘z aksini topishi bilan bog‘liq tashabbuslarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.

Qutlimurat BABASHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    2328
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+