O‘zbekiston – Germaniya: maqsadlar ham, manfaatlar ham mushtarak

30.05.2019, 15:59

O‘zbekiston – Germaniya: maqsadlar ham, manfaatlar ham mushtarak

Bugungi kuchli raqobat sharoitida jahonning rivojlangan mamlakatlari haqida gap ketar ekan, shubhasiz Germaniya birinchilar qatorida tilga olinadi. Nega? Chunki, ushbu davlat ko‘plab sohalarda boshqalarga o‘rnak bo‘lishga arzigulik ishlarni amalga oshirdi, oshiryapti. Ayniqsa, iqtisodiy sohada Ikkinchi jahon urushi talofatlaridan so‘ng haqiqiy mo‘‘jiza yarata oldi.  Ayni paytda mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning  hajmi 3 trillion yevroga tengligi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ekspertlarning fikricha, nemis mo‘‘jizasi zamirida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka to‘la erkinlik berish hamda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi mujassamdir.  E’tiborga molik jihati, kichik biznes vakillarining asosiy qismi oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Aholining 70 foizi aynan shu sohada band. Ushbu sektor mamlakat soliq hajmining 41 foizini, yalpi ichki mahsulotning esa teng yarmini qoplaydi. Agar yaqin tarixga nazar tashlasak, XX asrning 50-60 yillarida Germaniyada yaratilgan jami ishchi o‘rinlarining deyarli teng yarmi kichik biznes hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin. 1978 yilga kelib, hukumat bunday natijalardan ham qoniqmay  xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘armalarni rag‘batlantirish dasturini ishlab chiqdi. Bu bilan tadbirkorlarga kam foizli hamda uzoq muddatli kreditlar olish imkoniyati yaratildi.

Shu o‘rinda mahalliy ishbilarmonlarning aksariyati axborot texnologiyalari, biolaboratoriyalar va kommunikatsiya vositalar kabi yuqori bilim va ilmiy salohiyat talab etuvchi sohalarda band ekanini qayd etish joiz. Bosh­qacha aytganda, nemis tadbirkorlari, asosan, innovatsion yo‘nalishlarda faoliyat olib borishadi. Ma’lumotlarga qaraganda, 80-yillar boshida mamlakat savdo-sanoat palatasi qoshida texnologik transfert­ (innovatsiyalarni rag‘batlantirishning asosiy shakli bo‘lib, texnik va savdo nuqtai nazaridan texnologiya va nou-xau sotish jarayoni)ni rag‘batlantirish komissiyasi va maslahat markazlari tashkil etilgan. 90-yillarga kelib esa texnoparklarga keng yo‘l berilib, kichik kompaniyalarni imtiyozli qo‘llab-quvvatlash uchun dasturlar qabul qilingan. Ayni paytda ham kichik innovatsion biznes davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanyapti. Ularda texnologik markazlar va ilmiy tekshirish institutlari tashkil etilganini, maxsus transport tizimi yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etib o‘tish joiz.

Shu jihatdan olib qaraganda, Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga uyushtirgan rasmiy tashrifi birinchi navbatda kichik biznes sohasida innovatsion ishlanmalarni o‘zlashtirish va bu borada ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan yurtimizga Germaniya investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni nafaqat Markaziy, Sharqiy va Janubiy Osiyo davlatlari, balki dunyo bozorlariga taklif etish imkoniyatlar eshigini ochadi. Iqtisodchi ekspertlar fikricha, buning uchun O‘zbekistonda rivoj­langan sanoat, yuqori malakali ishchi kuchi, boy xomashyo bazasi va energiya resurlari mavjud. Shu bilan birga erkin iqtisodiy zonalarda imtiyozli soliq va bojxona tartiblari amal qiladi. Qolaversa, YaIMning yuksak o‘sish sur’ati – yiliga 5 foizdan ortiqligi O‘zbekistonning eng katta afzalligi hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, Germaniya tadbirkorlari tomonidan xizmat ko‘rsatish to‘plamlari taklif etilishi hamda bu yo‘nalishda o‘qitish va ilg‘or tajribani o‘zlashtirish nafaqat O‘zbekiston balki Germaniya uchun ham birdek manfaat keltiradi.

Dilshod ShOUMAROV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi 

raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    808
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+