O‘zLiDeP faollari – bolalar huzurida (foto+video)

30.05.2019, 16:12

O‘zLiDeP faollari – bolalar huzurida (foto+video)

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamisha partiyamiz e’tiborida.

Davlat va jamiyat hayotida nishonlanadigan sanalar ko‘p. Ularning maqsad-muddaosi ham, mazmun-mohiyati ham turlicha. Ana shunday bayramlarning ishtirokchilari ham har xil yosh va toifadagi kishilar bo‘lishadi. Lekin yozning birinchi kuni nishonlanadigan ajo­yib sana borki, u butun dunyoda bir xil bayram qilinadi. Bu tantanadan chetda turadigan tashkilotni topish mushkul. Jumladan, siyosiy partiyalar ham turfa loyihalari orqali ayni yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratishadi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Toshkent viloyati Kengashi tomonidan uyushtirilgan navbatdagi xayriya aksiyasi Nurafshon shahridagi bolalar musiqa va san’at maktabida o‘tkazildi. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari taklif etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlariga partiyamizdan saylangan deputatlar, shahar hokimligi mutasaddilari va mahalla faollari bevosita qatnashib, bolajonlar bilan samimiy suhbatlashgani tadbirning ta’sir doirasini yanada kengaytirdi. Orzular og‘ushidagi kichkintoylar bu uchrashuvni anchagacha eslab yurishi tabiiy.
“Bolajon, bugun sening huquqlaring butun dunyoda turli hujjatlar bilan himoya qilingan”, deya so‘z boshlagan tashkilotchilar shirintoylarga 1 iyun sanasining tarixi, qachondan boshlab nishonlanayotgani xususida jajji insonlarning tilida ma’lumot berishdi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yilda qabul qilingan Konvensiya haqida gapira turib, bolalarning “Konvensiya nima?” degan savoliga imkon qadar sodda javob qaytarishga harakat qilindi.

Yurtimizda bolalarga alohida e’tibor qaratilishi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi, ta’lim-tarbiya berilishi, salomatligi muhofazalanishi yuzasidan olib borilayotgan ishlarning ahamiyati, bolalar manfaatlarini himoyalashga yo‘naltirilgan qonunlar muntazam takomillashtirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

– Shunday bayramlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalar farzandlari holidan xabar olish, ehtiyojmandlarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa anjomlar yetkazib berishga alohida e’tibor qaratib kelyapmiz, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Viktor Pak. – Darhaqiqat, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash davr talabi. Farzandlarimizning nafaqat jismonan, balki ma’nan va ruhan sog‘lom bo‘lishlarida bu kabi uchrashuv va aksiyalarning o‘rni bo‘lakcha.

Tadbir yakunida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar  farzandlariga O‘zLiDePning maxsus sovg‘alari topshirildi.

Solijon ZOIROV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    210
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+