Jomboylik va toyloqliklar tomorqadan yil davomida foydalanadi

31.05.2019, 11:04

Jomboylik va toyloqliklar tomorqadan yil davomida foydalanadi

Avval xabar berganimizdek, aholi tomorqasi va g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar ekish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, bir qator vazirliklar va mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatida faoliyat olib bormoqda.

Ishchi guruh a’zolari Toyloq, Jomboy tumanlarida uyma-uy yurish orqali aholi xonadonlariga tomorqadan foydalanish holatini o‘rgandi. G‘alladan bo‘shaydigan maydonlarda takroriy ekin ekish bo‘yicha fermerlar bilan suhbatlashdi.

Toyloq tumanidagi O‘zbekiston mahallasida 732 xonadonda 4200 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Keyingi yillarda tomorqa xo‘jaliklarida issiqxona tashkil etish, parranda boqish, naslli qoramol xarid qilish uchun banklar tomonidan imtiyozli kredit berilishi natijasida tomorqa xo‘jaligini kengaytirayotgan, undan yaxshigina daromad olayotgan oilalar ko‘paymoqda. Hozirda mahalladagi 50 dan ortiq xonadon o‘z issiqxonasiga ega.

Jumladan, Mirzohid Usmonov ham o‘tgan yil 5 sotix yerda issiqxona tashkil etib, yil davomida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.

– Issiqxonada asosan, sabzi, pomidor ekib, bozorga chiqaryapmiz – deydi M.Usmonov. – 16 tup limon, bir tup mandarin ekkanmiz. Endi hosilga kiryapti. Lekin hozir yetishtirayotgan hosildan ham yaxshigina daromad qilyapmiz. Dastlab sabzi ekib, erta bahorda sotib bo‘ldik. Hozir pomidorning savdosi chaqqon. O‘tgan yil tomorqadan 50 million so‘m atrofida daromad qilgandik, nasib etsa bu yil, 70-75 million so‘mni mo‘ljallayapmiz.

Tumanning Do‘stlik mahallasida aholi asosan, kartoshka, sabzi yetishtirish bilan shug‘ullanar ekan. Issiqxona tashkil etish ommalashmagan. Shu sababli mahalla aholisi 8-10 sotixlik tomorqasidan yil davomida 10-15 million so‘mgacha daromad qilishini aytdi. Ishchi guruh tomorqachilarga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida issiqxona tashkil etish, naslli qoramol, parranda olish uchun imtiyozli kredit ajratilishi to‘g‘risida tushuncha berdi va aholini bu imkoniyatlardan samarali foydalanishga da’vat etdi.

Jomboy tumani ham viloyatning dehqonchilik va bog‘dorchilik yaxshi rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur tumanda paxta yetishtiriladigan maydonlar to‘liq sabzavot va bog‘dorchilik uchun ajratilgan. Aholi tomorqalarida ham an’anaviy qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan birga, xorijdan keltirilgan achchiq qalampir, lukpari, brokkoli karami, oq piyoz yetishtirilmoqda.

– Mahallamizdagi 878 xonadonning barchasi o‘z tomorqasiga ega – deydi Jomboy tumanidagi G‘azira mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Obid Rustamov. – Aholining asosiy daromadi shu tomorqa hisobidan. Bundan tashqari, hududimizda 4000 gektarlik intensiv bog‘, g‘isht zavodi bor. Bu korxonalarning ishchilari ham asosan bizning mahallamizdan. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida yaqinda sakkiz oila tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit oldi. Yana 12 kishining hujjatlari tayyor turibdi. Yaqin orada ularga ham kredit ajratiladi.

Shu kuni ishchi guruhi a’zolari ushbu mahallada yashovchi Qilich Rofiyev xonadonida mahorat darsi tashkil etdi. Mahallada istiqomat qilayotgan xotin-qizlar, ishsiz yoshlar Qilich akaning tomorqa maktabini ko‘zdan kechirib, o‘zaro tajriba almashishdi, tomrqaning sir-asrorlarini o‘rganishdi. Seminar ishtirokchilari mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda tijorat banklaridan imtiyozli kredit asosida o‘z tomorqasida issiqxona barpo qilishni o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishdi.

Qilich Rofiyev  issiqxona va quyonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun bankdan 13 million so‘m kredit olgan edi. 2,4 sotixlik issiqxonada hozirda bodring parvarishlanmoqda. 10 sotixdan ortiq tomorqaning boshqa qismida esa, sabzi, pomidor ekilgan. Shuningdek, 30 tup shaftoli va boshqa mevali darxatlardan ham har yili mo‘l hosil olinib, 10-15 million so‘m daromad qilishar ekan.

Ishchi guruh a’zolari shu tariqa guruhlarga bo‘lingan holda viloyatning barcha tumanlaridagi aholi tomorqalarini o‘rganib chiqishdi. Mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. O‘rganilgan barcha masalalar nazoratga olinishi ta’kidlandi.

  • Ko'rildi
    1379
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+