Avf – insonparvarlikning yorqin ifodasi

04.06.2019, 19:12

Avf – insonparvarlikning yorqin ifodasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazan hayitini nishonlash arafasida  “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Shuni alohida takidlash kerakki, inson hayotda bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Lekin mutafakkirlar aytganidek, "xatolar, agar ularni tan olib, pushaymon bo‘lishga bo‘yin yor bersa, hamisha kechirimlidir". Zero, adashib huquqbuzarlik yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga, oilasi bag‘riga qaytarish o‘zini insonparvar davlat, deb biladigan har qanday mamlakat oldidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. 

Mazkur farmonning qabul qilinishi Asosiy qonunimiz muqaddimasida qayd etilganidek, O‘zbekiston insonparvar davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganligining amaliy isboti bo‘lib, yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishining yorqin namoyoni bo‘ldi. Avf etishning mohiyatida insonparvarlik, kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi tushunchalar yotadi. Yana bir narsani aytib o‘tish kerakki, ba’zi bir odamlar jazo deganda jinoyat sodir etgan shaxsni qiynoqqa solish, xo‘rlashni tushunadilar. Vaholanki, jazodan maqsad kimnidir qiynoqqa solish, xo‘rlash emas, balki Jinoyat kodeksining 42-moddasiga asosan jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatini davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek, boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. Farmonda xam bu jixatga aloxida e’tibor karatilib, jinoyat sodir etgan shaxslarni faqat jazolash emas, balki “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida qayta tarbiyalash, ularning o‘z halol mehnati bilan jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun imkoniyat takdim etilayapti.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, afv etish davlat rahbarining qandaydir majburiyati, burchi emas, balki huquqi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ushbu huquqidan foydalanib, adashgan shaxslarga yana bir bor to‘g‘ri yo‘lga qaytishga imkon berdi. 

Yana bir gap. Qabul qilingan farmon asosida juda ko‘plab odamlar ozodlikka chiqadi. Bu esa minglab oila xursandchiligi degani. Albatta, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilaning jam bo‘lishi, ayniqsa, oila boquvchisi, tarbiyachisi bo‘lgan ota-onaning uyga qaytishi juda chuqur ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur farmon ayni vaqtda oilaning davlat muhofazasida bo‘lishiga ham xizmat qiladi. 

Yekaterina Smesova,

Xalq deputatlari

Andijon shahar

Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    1095
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+